Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Maktablarda mobil telefon taqiqlanadimi?

Hayotimizning ajralmas qismiga aylangan mobil telefon nafaqat vaqtimizni, balki diqqatimizni ham o‘g‘irlar ekan. Buni allaqachon anglab yetgan Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Niderlandiya, Avstraliya, Norvegiya, Italiya kabi davlatlar maktablarda bolalarning mobil telefondan foydalanishini chekladi.

Haqiqatda, odamlar orasida mobil telefonga qaramlik kuchayib boryapti. Hozir go‘daklar ham telefonni qo‘liga olsa, yig‘idan to‘xtayapti. Maktab o‘quvchilari esa telefonsiz darsga bormayapti. Xo‘sh, nima uchun? Ota-onalar farzandining xavfsizligini bahona qilib, bolaning qo‘liga telefon beryapti. Telefon faqat so‘zlashuv maqsadida bo‘lishi kerak. Biroq bugungi mobil telefonlar sensorli, internet tarmog‘iga ulangan. Oddiy qo‘l telefonini deyarli hech kimda uchratmaysiz. Xususan, maktab o‘quvchilarida ham. Xullas, bugun yetti yoshdan yetmish yoshgacha hammaning qo‘lida telefon. Usiz kundalik hayotimizni tasavvur qilolmay qoldik.

E’tibor berganmisiz, kattalar bir kunda yuz martalab telefonni qo‘liga oladi, diqqatini telefonga qaratadi. Endi o‘zingiz o‘ylang: bola telefon bilan maktabga borsa, u darsda necha marta telefonga qaraydi? Bola darslarni diqqat bilan tinglaydimi? Albatta, yo‘q.
Keling, oddiy tadqiqot o‘tkazamiz. Maktab o‘quvchilaridan bir yil oldin adabiyot fanida yodlagan she’rlarini so‘rang, aytib berolmaydi. Oltmish-yetmish yoshdagi kishilar esa maktabda yod olgan she’r va g‘azallarini bemalol ayta oladi. Ishonmasangiz, shu yoshdagi ota-onangiz yoki bobo-buvingizdan so‘rang. Gaplarim qanchalik haqiqat ekaniga amin bo‘lasiz. Sababini o‘zingiz ham angladingiz. Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik yoshlarning xotirasi susayishiga olib kelyapti. Bunga istagancha misollar keltirish mumkin.

Xo‘sh, nega O‘zbekistonda o‘quvchilarga maktabda telefondan foydalanish taqiqlanmayapti?
Aslida, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlangan. Unga ko‘ra, ta’lim muassasasiga kirib kelishda har bir ta’lim oluvchi telefonning chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi shart. Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin ta’lim oluvchi telefonini o‘chirib qo‘yishi kerak. Ta’lim oluvchilar deganda oliy ta’lim muassasalaridan tortib, texnikum, akademik litsey va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tushunish lozim.

Mazkur qarorga ko‘ra, ta’lim oluvchilarning telefonni bo‘yniga osib olishi, ko‘krak cho‘ntaklarida, shim va yubka cho‘ntaklarida va shu kabi joylarda saqlashi, telefonni zaryadlash uchun ta’lim muassasasining elektr tarmoqlariga ulashi qat’iyan taqiqlangan.
O‘quv mashg‘ulotlari vaqtida telefon orqali so‘zlashish, SMS, MMS va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish, telefonni stol ustiga qo‘yish, musiqa, shu jumladan, quloqchinlar orqali tinglash ham mumkin emas. Biroq bu talablar ta’lim dargohlarida mobil telefondan foydalanishni butkul taqiqlamaydi.

Bugun faqat Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar hamda ayrim xususiy maktablar o‘z ichki tartib-qoidalariga ko‘ra, mobil telefonlarni taqiqlab qo‘ygan. Bunday maktablarda o‘quvchilar ertalab mobil telefonlarini maxsus joyga qo‘yib, darsga kiradi. So‘ngra darslar tugagach, bolalar uylariga qaytishda telefonlari qaytarib beriladi. Shuning uchun ham Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari yuqori natijalarga erishyapti.
— Maktabimizda o‘quvchilarga telefon ishlatish taqiqlangan, — deydi Oqdaryo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning tarix fani o‘qituvchisi Temur Tuvalov. — Kun bo‘yi maktabda bo‘lgan o‘quvchiga qo‘l telefoni faqat xalaqit beradi, ya’ni fikri-xayoli telefonda bo‘ladi. Shuning uchun maktabga mobil telefon olib kelish mumkin emas. Ota-onalar ham bu haqda ogohlantirilgan.

Mobil telefonlar umumta’lim maktablarida ham butkul taqiqlanishi kerak. Bunday taqiqdan keyin o‘quvchining darsga bo‘lgan diqqati oshadi, telefonga qaram bo‘lib qolgan bolalar haqiqiy hayotga moslashadi. Shuningdek, qimmatbaho telefonini maqtab, o‘zini boshqa bolalardan ustun qo‘yayotgan o‘quvchilarning popugi biroz pasayadi. Tabaqalanishning oldi olinadi.
Nafaqat maktabda, balki oliy ta’lim dargohlarida ham talabalar mobil telefoni bilan maqtanar ekan. Yaqinda bir tanishim aytib qoldi: “Qizim tug‘ilgan kuniga so‘nggi rusumdagi “iPhone” oldirdi. Institutda hamma dugonalarining telefoni shunaqa emish”. Birgina shu holatdan ham tegishli xulosa chiqarish mumkin.

Yaqinda yana bir holatning guvohi bo‘ldim. Yosh ona kechasi uxlay olmay qolib, shifokorga kelibdi. Do‘xtir sababini tekshirsa, ayol kun bo‘yi telefonda xorijdagi yaqinlari va tanishlari bilan video orqali gaplashar yoki ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib o‘tirarkan. Xullas, telefondan ajralmas ekan. Oxir-oqibat u kechqurun uxlay olmay qolibdi.
Xuddi shunga o‘xshagan holatni ijtimoiy tarmoqlarda bir do‘xtir aytib berdi. Uning qabuliga yosh yigitlar asabiy bo‘lib qolganidan nolib kelayotgan ekan. Sababi, yigitlar kechasi uxlamasdan ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirgani uchun asabiy bo‘lib qolayotgan ekan. Bunday misollarni yuzlab keltirishimiz mumkin. Kattalarni qaram qilib qo‘yayotgan telefon balosidan bolalarni vaqtida qaytarishimiz kerak.

Maktablarda telefonni taqiqlash bolaning ham sog‘lig‘iga, ham qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Buni mutaxassislarning xulosalaridan ham bilishimiz mumkin. Yuqorida nomlari keltirilgan davlatlar bejizga maktablarda telefondan foydalanishni taqiqlab qo‘ymagan.
Xo‘sh, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarda taqiqlanayotgan mobil telefon nega umumta’lim maktablarida taqiqlanmayapti? Ikki ta’lim vazirligi birlashib, yangidan tashkil qilingan Ta’lim va ilm-fan vazirligi bu muammoning oldini olish chorasini ko‘radimi?

Xurshida ERNAZAROVA