O‘quvchilar yozgi ta’tilni qanday o‘tkazyapti?

Yozgi ta’til bolalarning maroqli hordiq chiqarishi, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun eng qulay davr. Ayni ta’til vaqtida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida maktablarda kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohlari tashkil etilgan.

Xususan, Samarqand shahridagi 42-maktabda tashkil qilingan “Quvnoq bolalik” nomli oromgohda 7–12 yoshli bolalar uchun har kuni soat 08:00 dan 12:00 gacha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. O‘quvchilar ijod va mehnat, kompyuter savodxonligi, teatr, mohir qo‘llar, kitobxonlik, yosh musavvirlar, musiqa va sport to‘garaklarida qatnashib, iste’dodlarini namoyon etishmoqda.

– Ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Samarqand shahridagi 42-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umida Najimova. – Oromgohda har bir bola o‘z qobiliyatini namoyon etishi, yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va qiziqarli to‘garaklar o‘quvchilarning bo‘sh vaqti chog‘ o‘tishiga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, oromgoh bolalarga nafaqat quvonch va yaxshi taassurotlar bag‘ishlamoqda, balki ularning har tomonlama kamol topishi, dunyoqarashi kengayishi va yangi bilimlarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Yasmina Eshonqulova.