Yozgi oromgohlarda sanitariya nazorati qanday tashkil etilgan?
Samarqand viloyatida bolalarning yozgi dam olishini mazmunli va xavfsiz tashkil etish maqsadida oromgohlarni yangi mavsumga tayyorlash ishlari izchil olib borilyapti.
Xususan, "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi boshlig‘i Iroda Aripovaning ta’kidlashicha, shahar va tumanlardagi har bir oromgohga mas’ul mutaxassislar biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan tayyorgarlik jarayonlari muntazam ravishda nazorat qilib borilmoqda.
Ayniqsa, bolalar salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ichimlik suvi sifati doimiy e’tibor markazida turibdi. Mavsum boshlanishidan oldin barcha oromgohlarda ichimlik suvidan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilmoqda. Bu esa suv orqali yuqishi mumkin bo‘lgan turli kasalliklarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, oromgohlarda bolalar uchun tayyorlanadigan taomlarning sifati, mahsulotlarni saqlash sharoitlari, oshxona xodimlarining tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishi doimiy ravishda nazorat qilinmoqda.
Mutaxassislar tomonidan bolalarning yoshi va fiziologik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda to‘yimli, vitaminlarga boy va muvozanatlashtirilgan taomnomalar shakllantirilmoqda. Bu esa oromgohlarda dam olayotgan bolalarning sog‘lom ovqatlanishi va jismoniy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar bolalarning yozgi ta’tilni xavfsiz, sog‘lom va mazmunli o‘tkazishlari uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Viloyatimizdagi barcha oromgohlarni belgilangan sanitariya-gigiyena talablari asosida faoliyat yuritishini ta’minlash esa mutasaddi tashkilotlarning doimiy e’tiborida bo‘lib qolmoqda.
"Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi axborot xizmati.