O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘da ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shmoqchi

Ozarbayjonning Boku va Agdam shaharlarida tashkil etilgan Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasida yig‘ilish kecha o‘z nihoyasiga yetdi.

Yig‘ilishda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Tadbir doirasida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazildi. Sohani yanada rivojlantirish hamda Kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan takliflar bildirildi.

Tashrifning uchinchi kunida Asadjon Xodjayev Tog‘li Qorabog‘da bo‘ldi.

AOKA rahbari O‘zbekiston ushbu hududda ro‘y bergan noxush hodisalar tufayli buzilgan ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

Shu tariqa Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasida yig‘ilish hamda uning doirasidagi boshqa tadbirlar yakunlandi.