Pirotexnika vositalari savdosi: kimdir manfaat ko‘radi, kimdir jabr tortadi

Davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB hamkorligida yurtimizga turli noqonuniy yo‘llar bilan pirotexnika vositalarini olib kelayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Jumladan, joriy yilning 7 dekabr kuni «Pirotexnika-2022» tadbirlari davomida Nurobod tumanida olib borilgan profilaktik ishlar davomida Nurobod tumani Jom mahallasida yashovchi 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. 2 quti, jami 110 dona, umumiy qiymati 80 ming so‘mlik «Treniya» nomli pirotexnika vositalarini noqonuniy ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan.

«Xavfsiz hudud» profilaktik tadbiri yuzasidan Jomboy tumani Sherqo‘rg‘on mahallasida yashovchi fuqaro B.I.ga tegishli savdo do‘koni tadbir ishtirokchilari tomonidan tekshirilganda umumiy qiymati 200 ming so‘mlik bo‘lgan 495 dona, tumanning Xolvoyi mahallasida yashovchi A.J. esa 2 million so‘m miqdoridagi 4 260 dona «Treniya» nomli pirotexnika vositasi saqlab kelayotganligi aniqlandi. Hozirda har ikkala holat yuzasidan dastlabki tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazilgan xuddi shunday tadbirlar davomida 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida Ochildi Miriy nomli mahallada yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan O.A. noqonuniy ravishda saqlab yurgan 600 ming so‘m qiymatidagi 1 100 dona «Noviy vek» nomli pirotexnika vositalari hujjatlashtirib olindi.


Ushbu holatlar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Keyingi vaqtlarda voyaga yetmaganlar o‘rtasida noqonuniy pirotexnika vositalaridan foydalanish holatlari nisbatan ko‘payib borayotganligidan kelib chiqib, ta’lim muassasalarida «pirotexnika» vositalarini aniqlash, ularga qarshi muntazam ravishda qonun talablaridan kelib chiqqan holda tezkor tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, 7 dekabr kuni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 68-maktabda hamkor tashkilotlar xodimlari tomonidan voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazilganda ushbu maktabning 8-sinf o‘quvchilari Qo‘shhovuz mahallasida yashovchi voyaga yetmaganlar - 2007 yilda tug‘ilgan Sh.A., X.S. va R.I.larning yon cho‘ntagidan jami 80 dona umumiy qiymati 50 ming so‘mlik pirotexnika vositalari daliliy ashyo sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan. Shuningdek, tumandagi 24-maktabning 9-sinf o‘quvchilari Qumoq mahallasida yashovchi voyaga yetmagan 2006 yilda tug‘ilgan S.O.ning yon cho‘ntagidan 5 dona umumiy qiymati 5 ming so‘mlik pirotexnika vositalari borligi aniqlangan. 

Ushbu holatlarning barchasida voyaga yetmagan o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Paxtachi tumani hududida olib borilgan «Pirotexnika-2022» profilaktik tadbiri davomida Sardoba mahallasida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan 2-sonli kasb-hunar maktabi 2-bosqich o‘quvchisi D.A. o‘z xonadonida umumiy bahosi 200 ming so‘m qiymatdagi 480 dona «Treniya» nomli pirotexnika vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan. Xuddi shunday, Guliston mahallasida yashovchi 28-sonli umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi B.X. ham umumiy bahosi 300 ming so‘m qiymatidagi 600 dona «Britanik» nomli pirotexnika vositalaridan foydalanish maqsadida olib yurgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Yuqoridagi kabi profilaktik tadbirlar Past Darg‘om tumani hududida ham olib borildi. Jarayon davomida tumanning Qatorterak mahallasida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro M.O‘.da 218 dona umumiy qiymati 100 ming so‘mlik «Treniya» nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tadbirda Samarqand tumani Oqmachit mahallasida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan, 3 nafar farzandning otasi, «Fayozjon Nayimov» oilaviy korxonasi rahbari F.N. o‘ziga tegishli savdo do‘konida pirotexnika vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan. Uning yashash manzilidagi bahosi 7 million 370 ming so‘mga teng bo‘lgan 12 598 dona pirotexnika vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Bulung‘ur tumanidagi Beshqo‘ton mahallasi hududida ham pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga qaratilgan reyd tadbiri o‘tkazildi. Tadbir davomida 1995 yilda tug‘ilgan S.R.ga tegishli bo‘lgan savdo do‘konida 550 dona umumiy qiymati 400 ming so‘mlik pirotexnika vositasini sotayotganligi, Oqdaryo tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida tumandagi Yangiqishloq mahallasida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan fuqaro O.A. 240 dona umumiy qiymati 100 ming so‘mlik pirotexnika vositalarini sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlandi.

 Albatta, jinoyat jazosiz qolmaydi, biroq oqibati ayanchli yakun topishi ma’lum bo‘lgan bu kabi qabih ishlarga qo‘l urayotgan kimsalarning kasriga jondan aziz dilbandlarimizning qolishi, chaqnoq ko‘zlarida quvonch va shodlik ortiq aks etmasligi mumkin bo‘lishi barchamizni ogohlikka chorlashi kerak.