Samarqand gilamlari asosan Rossiya va Ozarbayjonga eksport qilinyapti

Samarqand viloyati bojxonachilari viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda eksport salohiyatini kengaytirish hamda mavjud muammolarni joyida bartaraf etish maqsadida korxonalarga borib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishmoqda. Tanishuv jarayonida ularga bojxona imtiyozlari tushuntirilmoqda.
Jumladan, “Ulug‘bek” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i I.Turapov Jomboy tumanidagi “Yasham Erkaplan Carpet” korxonasiga borib, korxona ishchilari bilan uchrashdi.
Bugungi kunda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan gilam mahsulotlariga dunyo bozorida talab yuqori. Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar korxona tomonidan Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarga qiymati 1,142 million dollarlik gilam eksport qilingan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarga oshgan.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.