Samarqandda suv tejovchi texnologiyalar uchun 64,5 milliard so‘mdan ortiq subsidiya ajratildi

2021 yilda viloyatdagi 445 ta klaster korxonasi va fermer xo‘jaliklari tomonidan 35 571 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.

Bu haqda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2022 yilgi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i Davron Ochilov ma’lumot berdi.

Keltirilgan raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, o‘tgan yilda 20 156 gektar g‘o‘za, bog‘, tok va boshqa qishloq xo‘jalik ekin maydonlarida qurilish montaj ishlari uchun 481 milliard 17 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan. Jumladan, tijorat banklarining 330 milliard 634 million so‘m imtiyozli kreditlari, klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

- Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida suvni tejaydigan texnologiyani joriy etish uchun 5513 gektar paxta maydoniga 43 milliard so‘m, 2287 gektar bog‘, tok va boshqa ekin maydonlari uchun 21 milliard 298 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratildi, - deydi D.Ochilov. – 1011 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi uchun 7 milliard 860 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratildi. Natijada 2021 yilda viloyat bo‘yicha 202 million kub metr suv tejaldi. Raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, ekin maydonlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish nihoyatda muhim masala hisoblanadi.

Joriy yilda ham 19,5 ming gektar maydon tomchilatib, 3,5 ming gektar maydon yomg‘irlatib sug‘oriladi. Bu texnologiyalar yordamida suvni tejab qolmasdan maydonlarda 15-20 foizga hosildorlikni oshirishga erishiladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.