Sog‘lom turmush tarzini tish yuvish qoidalaridan boshlash kerak

Sog‘lom turmush tushunchasi faqat ovqatlanish, sport va parhezdan iborat emas. Sog‘lomlik bu ko‘p narsalarga bog‘liq: genetika, kun tartibi, ovqatlanish tartibi, atrof-muhit va gigiyenaga ham rioya qilishdir.
Avvalo, sog‘lom turmush tarzini tish yuvish qoidalaridan boshlash kerak. Agar og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga rioya qilinmasa yoki noto‘g‘ri tish yuvilsa kariyes va nokarioz kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Kariyes va uning asoratlaridan ovqat hazm qilish sistemasiga zarar yetadi. Kariyes kelib chiqishi tishni yaxshi tozalab yuvmaslikdan organizmda moddalar almashinuvi buzilishdan, vitaminlar kompleksi yetishmasligi va immunitet pasayishida kelib chiqishi mumkin. Kariyesning asosiy sababchisi kislotalar ishlab chiqaradigan bakteriyalardir.
Tishlarni kariyesdan himoya qilish uchun tishni yoshlikdan asrash va tish yuvish qoidalariga qat’iy rioya qilish kerak. Hozirgi zamonimizda ko‘p miqdorda polisaxaridlar iste’mol qilinadi. Iste’mol qilinayotgan mahsulotlarimiz termal ishlov berishdan o‘tgan, konservativ agentlar qo‘shilgan hisoblanadi. Albatta, bularning hammasi og‘iz bo‘shlig‘ining gigiyenasiga ta’sir qiladi.
Har bir odamning shaxsiy og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasida asosiy muammo yumshoq tish karashlaridir. Xo‘sh bunday karashlar bilan biz qanday kurashamiz? Bunda bizning asosiy qurollarimiz – tish pastasi, tish cho‘tkasi, floss (ip) va boshqalar. Lekin hamma ham bu “qurollar”dan to‘g‘ri foydalana olmaydi. Keling, sizga tish yuvish qoidalari to‘g‘risida ozroq ma’lumot berib o‘tamiz.
To‘g‘ri harakat: tishlarni tozalashda yuqori jag‘da milkdan pastga qarab, pastki jag‘da esa pastdan yuqoriga qarab harakatlanish kerak. Yon tishlarda milkdan chaynov yuzasiga qarab, chaynov yuzalarida esa aylanma harakat qilamiz. Bunday harakatlar 3-5 daqiqa mobaynida davom etiladi.
-Tish cho‘tkasini tanlash!
Bunda asosan o‘rta qattiqlikdagi tish cho‘tkalarini tanlagan ma’qul. Eng muhimi, bu ish qurolimiz yumshoq tish karashlarini yaxshi tozalashi kerak.
-Tish cho‘tkasi 2-3 oyda bir marta, almashtirilishi lozim.
-Tishlarimizni qachon tozalash kerak? Tishlar kun davomida eng kamida 2 marta tozalash kerak, 3 marta bo‘lsa undan ham a’lo. Ertalab nonushtadan so‘ng, kechqurun esa uxlashdan oldin. Tushlikda ovqatlangandan so‘ng tishlar yuvilishi kerak.
-Chaynov rezinalari. Ovqatdan so‘ng 10-15 daqiqa chaynash ma’qul. Ammo kun davomida to‘xtovsiz chaynash mumkin emas!
Shu qoidalarga rioya qilsangiz og‘iz bo‘shlig‘ingizni tozalikda saqlagan bo‘lasiz. Tishlaringiz va milklaringiz doim sog‘lom bo‘ladi. Tish tozalashda tish cho‘tkasi va pastani to‘g‘ri tanlash katta ahamiyatga ega. Tish cho‘tkasi o‘rtacha qattiq, tozalaydigan tarafi unchalik keng bo‘lmasligi kerak. Bolalar uchun 18-25 mm, kattalar uchun 30-35 mm gacha kenglikdagi tish cho‘tkalar tavsiya etiladi. Tish cho‘tkasi changni o‘ziga tez oladi. Shuning uchun uni tozalikda saqlash tishlarni tozalagandan keyin iliq suvda yuvib, tozalab, sovun surtib qo‘yiladi. Keyingi tish tozalashdan oldin cho‘tkadagi sovun yuvib tashlanib ishlatiladi. Tish cho‘tkasidan foydalangandan keyin tikka holda stakanga qo‘yiladi. Tish cho‘tkasini har 2,5-3 oyda almashtirib turish zarur. Chunki eski tish cho‘tkasining samarali tozalash imkoniyati pasayishi aniqlangan.
Hozirgi kunda savdo rastalarida turli-tuman tish pastalari mavjud. Ularni orasida nafaqat tishlarni samarali tozalovchi, balki yallig‘lanishning oldini oladigan tish pastalar – “Lacalut”, “Parodontax” , “Lesnoy balzam” , “Romashka”, kariyesga qarshi tish pastalari – “Colgate”, “Blend-a-mend”, “Ftorodent” lar ham mavjud. Tish pastalarining tarkibida tabiiy faol moddalar: xlorofill birikmalari, dori bor giyohli aralashmalar, mineral tuzlar, antiseptiklar vitaminlar kompleksi bo‘ladi. Shuning uchun tish cho‘tkalari va pastalarini vrach-stomatolog tavsiyasiga asosan qo‘llash kerak.
A.Rahimberdiyev, viloyat ixtisoslashtirilgan bolalar stomatologiya bosh vrachi.
A.Sanaqulov,
vrach-stomatolog.