Tramp yana Eronga zarba bermoqda, AQSh aviabazalari esa Eron nishonida
Tunda Amerika harbiylari Eron hududidagi nishonlarga yangi zarbalar berishni boshladi. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar qildi. Hujum 4 soat davom etgan.
CENTCOM ma’lum qilishicha, ushbu zarbalar Eronning «asossiz va davom etayotgan tajovuzi»ga javob hisoblanadi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakatning kamida olti hududida portlashlar sodir bo‘lgan. Keyin qo‘mondonlik belgilangan nishonlarga qilingan hujumlar yakunlanganini ma’lum qildi.
Yangi operatsiya mintaqadagi vaziyat keskinlashganidan keyin boshlandi. Bundan avval Fors ko‘rfazi hududida Amerika va Eron kuchlari o‘rtasida o‘zaro zarbalar almashinuvi amalga oshirilgan edi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Eronga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.
Javob tariqasida Tehron Yaqin Sharqdagi Amerika ob’yektlariga qarshi operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Eron tomoniga ko‘ra, zarbalar AQShning Quvayt, Bahrayn va Iordaniyadagi harbiy bazalariga berilgan. Amerika tomoni esa raketalar va dronlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Eron dunyo neft va gaz savdosining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan Hurmo‘z bo‘g‘ozini yopganini aytdi. Mamlakat hukumati qurolli kuchlar to‘liq jangovar shay holatga keltirilganini va AQSh tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday yangi hujumga zudlik bilan javob berishga tayyorligini bildirdi.
Bu orada Livan janubidagi En-Nabatiya shahri Isroil tomonidan kuchli artilleriya o‘qiga tutildi. Isroil Bosh vaziri Livan xalqiga videomurojaat yo‘lladi, unda Isroil qo‘shnisi bilan tinchlikka tayyor ekanligini e’lon qildi.