Turizm universitetining 340 nafardan ziyod bitiruvchisi diplom oldi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan edi.
Markaziy Osiyo hamda mamlakatimizda yetakchi o‘rinda turgan ushbu universitetning bakalavr yo‘nalishini 315 nafar, magistratura yo‘nalishini 28 nafar talaba bitirib, katta hayotga qadam qo‘ymoqda. Shu munosabat bilan Samarqand xalqaro turizm markazida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil etilganligining 6 yillik yubileyi hamda bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov onlayn nutq so‘zladi va universitet hayotida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib, bitiruvchilarning keyingi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
- Bitiruvchilarimizga AQSh, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Fransiya, Italiya, Yaponiya kabi 10 ga yaqin ta’limi rivojlangan davlatlardan kelgan malakali professor-o‘qituvchilar ingliz tilida ta’lim berdi, - dedi A.Abduhakimov. - Endilikda har tomonlama bilimli va zukko bitiruvchilarimiz Yangi O‘zbekistonning turizm salohiyatini yuksaltirishda nafaqat Samarqandda, balki mamlakatimizda ham ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz. 2021-2022 o‘quv yilida universitetga 8 nafar xorijlik talaba qabul qilingan bo‘lsa, 2022-2023 o‘quv yilida 48 nafar, 2023-2024 o‘quv yilida 65 nafar xorijlik talaba o‘qishga qabul qilindi. Yangi o‘quv yilida ularning soni yanada oshishi kutilmoqda.
- To‘rt yil bakalavr va ikki yil magistraturada xorijlik professor o‘qituvchilardan tahsil oldik, - deydi Shohruh Hayitboyev - O‘qish davomida ustozlarimiz boshchiligida xorij davlatlarida va xalqaro tashkilotlarda malaka oshirib, yutuqlarga erishdik, ishli bo‘ldik. Jumladan, o‘zim bir necha marta xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘ldim. Hozirda viloyat turizm boshqarmasida xalqaro aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida ishlayapman.
Tadbir so‘ngida talabalarga diplom hamda ularga tahsil bergan o‘qituvchilarga, talabalarni qo‘llab-quvvatlagan tadbirkorlarga tashakkurnomalar topshirildi.