Vasliy Samarqandiy – Mudarris, mutarjim, olim, shoir
XIX asr oxiri, XX asr boshlaridagi Samarqand adabiy va ma’rifatparvarlik muhitining ulug‘ siymolaridan biri bo‘lgan Saidahmad Vasliy 1870 yil Samarqand shahar Qo‘shhovuz mahallasida temirchi oilasida tug‘ilgan.
Yetti yasharligida otasi usta Azimdan yetim qolgan Saidahmad onasi qo‘lida tarbiyalanib, boshlang‘ich ma’lumotni Mirzo Abdulhamid degan kishidan oladi va akasi usta Nurmuhammad qo‘li ostida temirchilik bilan shug‘ullanadi. O‘tkir zehnini payqagan tog‘asi Abdulqosim Saidahmadni onasi bilan birga Toshkentga olib ketadi. U Ko‘kaldosh madrasasida tahsil oladi.
Vasliyning ma’rifatparvar shoir bo‘lib yetishishida Toshkent adabiy muhitining ahamiyati katta. Chunki u bu yerda Muqimiy, Furqat kabi shoirlarning ijodi bilan tanishadi va Toshkentdagi taraqqiyparvar shoirlar - Abdukarimbek Kamiy, Haybatulla Xislatlar ishtirok etadigan suhbatlar va mushoiralarda qatnashib, adabiy mahoratini oshira boradi.
Tog‘asining vafotidan so‘ng u onasi bilan birga Samarqandga qaytadi va bir yildan keyin Buxorodagi Ko‘kaldosh madrasasida o‘qishini davom ettiradi.
Vasliy Buxoroda boshqa hayot bilan to‘qnashdi. O‘quvchi madrasada 10-15 yillab tahsil olsa ham savodsiz bo‘lib chiqardi. Chunki madrasalardagi o‘qish-o‘qitish ishlarida hech qanday maqsad va reja yo‘q edi. Shoir ana shu muhitni o‘rganib, madrasalardagi tartibsizliklar haqida maqolalar yozadi. Jumladan, “Ta’lim va bildurmakning foydaluv o‘lmog‘i” maqolasida “Tabiiydurkim oning (o‘quvchi) aqli mushkul narsalarni bilmakdan ojizdur va qiyin so‘zni anglamoqdan qosirdur. Zehni katta va og‘ir iboradan shoshur, zeroki iste’dodi anga chidamas va ancha qiyin va daqiq ta’birdan qochur... Chunki maqsadi bilmak edi, bilolmadi qochdi va maqsadi bahra olmoq erdi, ololmadi. Ishda mudarris afandiga bir durust yo‘l boshlamoq munosibdur, toki shogirdi andin bahra olsin...” (“Al isloh”, 1917 yil, 6-son) deb mudarrislarning dars berish usullarini tahlil qilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. “...Hech kim ilm holig‘a boqmas, ag‘niyolarga tanga va so‘m bo‘lsa bo‘lur... Uyalmoq ham yaxshi ishdur, millat, vatan ahvolig‘a boqmoq kerak”, deb o‘lkadagi qoloqlikdan afsuslanadi.
Vasliy Buxoroda ishlab yurgan vaqtida madrasa, maktablarning xarobligi, mudarrislarning tajribasizligini tanqid qilgani bois tazyiqqa uchrab, Samarqandga keladi. Dastlab Shohi Zinda, keyinchalik Orifjonboy madrasalarida mudarrislik qiladi va bir vaqtda asar yozish, nashr etish bilan shug‘ullanadi.
Saidahmad Vasliy taraqqiyparvar maorifchilar Abduqodir Shakuriy, Said Ahmad Siddiqiy, Qori Muhammad Rahmiy, Shokir Muxtorov va Fayoz, Ismatulla Rahmatullayev, Hoji Muin, Orif Gulxaniy va boshqa ilg‘or shoir va maorifchilar bilan ijodiy hamkorlik qilgan.
Adibning Samarqanddagi hayoti eng sermahsul davrlardan hisoblanadi. U Samarqandda tanqidiy publitsistik maqolalari, she’rlari va tarjimalari bilan chiqa boshlaydi. Bunga uning "Ittihod va insof", “Madaniyat”, “Bildurmak kimning gunohi?” kabi maqolalari misol bo‘la oladi.
Saidahmad Vasliy o‘zbek, turk, ozarbayjon, fors-tojik va arab tillarida ijod qilgan. U bu tillarda faqatgina she’r yozish bilan cheklanmaydi, balki fors-tojik, arab tillarini o‘rganishga doir qo‘llanmalar yozadi. Mana shuning o‘zi shoirning zukko olim va zullisonayn shoir ekanligidan dalolatdir.
Shoir faqirona hayot kechirgan bo‘lsa-da uning hujrasi hamisha ma’rifatparvar shoirlar, adabiyot muxlislari bilan to‘la bo‘lgan. U yosh iste’dodlarga ham g‘amxo‘rlik qilgan. Masalan, Vasliy 1918-1922 yillar Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida muallim tayyorlash kursi ochib, unda o‘zi yoshlarga dars bergan. Adabiy to‘garaklar tashkil qilib, qalamkashlarga she’r yozish va adabiy mahorat to‘g‘risida har tomonlama ko‘mak va maslahatlar berib turgan. XX asrning 20-yillarida Samarqanddagi Tillakori madrasasida uning tashabbusi bilan adabiyot to‘garagi uyushtirilgan.
Vasliy she’rlarida yoshlarni Vatanni sevishga da’vat etadi: “Inson ahli ilmli bo‘lsa, Vatan taraqqiy etadi, Vatandin jabr ko‘rsa ham, uni tark etmaydi”, deydi u “Vatan haqida” she’rida.
Avlodlarimni ayla ilm ila oshno,
Mushtoqi ilmu hikmatu irfon erur Vatan.
Anvori ilmdan Vatan gar bo‘lsa fayzyob,
Zavqu nishotu ayshlara kon erur Vatan.
Har qancha javr etsa Vatandan chekinmaza
Zeroki, javri bois irfon erur Vatan.
Teng aylasam Vatanni gulistonga tong emas,
Vasliy ko‘ziga mehri duraxshon erur Vatan.
Saidahmad Vasliy tarjima bilan ham shug‘ullangan. Jumladan, murshidobodlik Muhammad Husayn al-Hanafiy Tolibi Buvariyning “Meboyad did” asarini 1912 yil forschadan “Boqmoq kerak” nomi bilan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Vasliyning o‘ttizga yaqin asari bo‘lib, undan 16 tasi bosma shaklida bizgacha yetib kelgan. Qolganlari qo‘lyozma holicha qolgan, ba’zilari haligacha topilmagan. Uning birinchi devoni “Armug‘oni do‘ston” nomi bilan 1909 yilda tojik tilida Samarqandda nashr etilgan. Ikkinchi devoni - “Tuhfatul ahbobi Vasliy” 1912 yilda Toshkent shahrida o‘zbek tilida bosilib chiqqan. Uchinchi devoni “Devoni avoxiril umr” deb nomlangan bo‘lib, unda shoirning inqilobdan keyingi ijodi jamlangan.
Adibning asarlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik ilmiy-tekshirish instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Mudarris, olim, mutarjim, zullisonayn shoir Saidahmad Vasliy 1925 yilda Samarqandda vafot etgan. U murakkab davrda yashab vatanparvarlik, insonparvarlik, taraqqiyparvarlik ruhidagi asarlari bilan o‘zbek va tojik adabiyotining xazinasiga bebaho hissa qo‘shgan.
Muayyana XO‘JAYeVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.