Yasushi Inouye: Navoiy o‘zbek she’riyatining otasi

Yaqinda taniqli yapon ijodkori, sayyoh, yozuvchi Yasushi Inouyening “Samarqandga sayohat” asarini o‘qib qoldim. Unda Alisher Navoiy haqida bildirilgan fikrlar qalbimni faxrga to‘ldirdi.

Asarda yozuvchi “O‘zbekistonda Navoiy nomini bilmaydigan inson topilmaydi”, deb yozadi. Yapon ijodkori Navoiyning O‘rta Osiyoda har tomonlama hurmat-ehtirom qilinishining sababini uning ham fors tilida, ham o‘z ona tilida mohir ekanligida, deb biladi. U o‘z nazmini mo‘g‘ullar tomonidan Chig‘atoy, deb ataluvchi Sharqiy turk tilidagi harflar bilan yozishni afzal ko‘rgan. Navoiygacha barcha adabiyotlar fors tilida yaratilgan. Navoiy O‘rta Osiyo adabiyotiga o‘zining jonli tilini olib kirish yo‘lida o‘z hayoti, ilmi, ijodi va qobiliyatini namoyon etgan.

Yozuvchi Navoiy fikrini jo‘shqinlik bilan ta’kidlab, uni “o‘zbek she’riyatining otasi”, deya e’tirof etadi. “Toshkent kutubxonasida menga Navoiy she’rlarining asl qo‘lyozma nusxasini o‘rganishdek imkoniyat yaratildi. Kitob katta bo‘lib, ikki qo‘llab ushlashimga to‘g‘ri keldi va har bir she’r yozilgan sahifasi chiroyli rasmlar bilan to‘ldirilgan ekan. Bu eng dabdabali va noyob kitob edi. Navoiyning barcha ishlari rus tiliga tarjima qilingan bo‘lib, 1968 yilda o‘n tomlik kitob shaklida nashr etilgan”, deydi hayajon bilan yozuvchi.

Gulmira SATTOROVA,

Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi.