“Gar oshiq esang, zebu takallufni unut”

Samarqand shahridagi Konsert zalida Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 537 yilligiga bag‘ishlangan nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari hamda she’riyat va mumtoz san’at ixlosmandlari taklif etildi.

Ijodiy kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi T.Tugalov va boshqalar milliy adabiyotimiz, ona tilimizning jahonga tanilishida Navoiy va Bobur ijodining hissasi beqiyosligi, ularning asarlari yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqat, kattalarga hurmat, baxtiyor kunlar uchun shukronalik ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Navoiyni har kuni o‘qish, uqish biz uchun ham qarz, ham farz, – deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Insoniyatni ogohlik, hamjihatlik, komillik, ahillik va do‘stlik sari undagan daho shoirimizning ijodi barcha san’atkorlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai sanaladi. Zahiriddin Bobur esa shoh va shoir sifatida barchaga ibratdir.

Nazm va navo kechasida Navoiy va Bobur g‘azallari bilan kuylanuvchi ashulalar, g‘azallar, baytlar yangradi.