1 maydan boshlab MIB fuqarolarning 525 000 so‘mlik puliga undiruv qarata olmaydi
Prezidentning 2024 yil 3 yanvarda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 maydan boshlab qarzdor bo‘lgan fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanadi.
Bunda:
- daromadlarning kafolatlangan eng kam miqdori fuqarolarning qarzdorliklari bo‘yicha pul mablag‘larini undirishda qo‘llaniladi va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmiga mos keladi;
- fuqaroning bank hisobvaraqlaridan, jumladan bank kartalaridan ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorlik bo‘yicha pul mablag‘larini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmidagi mablag‘lari hisobidan ushlab qolish (hisobdan chiqarish) taqiqlanadi.
2024 yil 1 maydan boshlab fuqarolar oladigan daromadi, shu jumladan, ish haqi, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarining mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori (1 050 000 so‘m)ning yarmiga teng qismiga va undan kamiga undiruv qaratilmaydi.
Ya’ni, MIB xodimlari misol uchun, fuqarolarning bank kartasida yoki bank hisobida 1 mln. so‘m bo‘lsa, shu summaning 525.000 so‘mi (MXTEKMning yarmi)ga tega olmaydi. Bunda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bir oy uchun belgilanganini ham unutmaylik.