Samarqanddagi ekomarafonda 1000 nafardan ziyod yoshlar qatnashdi
Bugun Samarqand shahrida “Biz kelajak uchun javobgarmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan “ARAL MARATHON” xalqaro ekologik marafonida ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Ilk marotaba O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ekomarafonga Islom Karimov haykali oldidan start berildi. Oliy o‘quv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlari hamda maktab o‘quvchilari Registon ko‘chasi va Universitet xiyoboni bo‘ylab viloyat musiqali drama teatri oldidagi marragacha harakatlanishdi.
Marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan Past darg‘omlik Alisher Safarov, payariqlik Diyora Rizayevaga marafon tashkilotchilarining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, 2-, 3-o‘rinlarini yoshlar ham taqdirlandi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz: ushbu ekomarafon joriy yilning 25 oktyabr kuni Nukus shahrida o‘tkaziladigan Orol konferensiyasi oldidin bo‘lib o‘tmoqda. Toshkent shahridan start olgan ekomarafonning suv solingan ramziy kubogi Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus bo‘ylab Muynoqqa yetkaziladi.
Ekomarafon ana’anaviy tarzda har yili o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbus butun dunyo hamjamiyati e’tiborini mintaqadagi ekologik muammolarga qaratishga xizmat qiladi.
Husan ELTOYeV.