16 noyabrdan OTMlarda an’anaviy darslar boshlandi. Masofadan o‘qishni istovchilar onlayn tarzda ta’lim olishi ham mumkin

Bugun, 16 noyabrdan Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 12 noyabrdagi yig‘ilishi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari an’anaviy shaklda boshlandi. Hozircha oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy darslar 1- va 4-bosqich talabalari uchun tashkil etildi.

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida 4-bosqich talabalari uchun dars mashg‘ulotlari kunning birinchi yarmida, 1-bosqich talabalari uchun kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi (1-bosqich talabalarining yarmi birinchi smenada o‘qiydi).

- Dars jadvali maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda auditoriyadan chiqqan talabalar boshqa guruh talabalari bilan “kesishmaydi”, - deydi institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Abdug‘ani Elmurodov. - Hozircha faqat 1- va 4-bosqich talabalar uchun an’anaviy darslar boshlangan. Bizda 1-bosqich talabalari kredit modul tizimi asosida o‘qiydi. Unga ko‘ra, talaba 50 foiz vaqtini an’anaviy ta’limga, qolganini laboratoriya mashg‘ulotlari va mustaqil o‘zlashtirish uchun sarflashi mumkin.

Shuningdek, Samarqand davlat universitetida bugun 1-, 4-bosqich talabalari uchun an’anaviy darslar boshlangan bo‘lsa, Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutida an’anaviy darslarga 1-, 2-, 3-, 4-bosqich talabalari jalb qilindi. Barcha oliy o‘quv yurtlarida karantin qoidalariga amal qilingan holda an’anaviy darslar bo‘lib o‘tmoqda. Talabalar ichida masofadan o‘qishni istovchilar onlayn tarzda ta’lim olishi ham mumkin.