Ochiq dars mashg‘ulotlar ta’sirchanligini oshiradi, o‘quvchi bilimini mustahkamlaydi
Yosh avlodni bilimli, raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishini ta’minlashning eng asosiy bo‘g‘ini o‘quvchilarda bir nechta chet tillarini o‘rgatish hamda kasbga yo‘naltirish orqali mustaqil hayotga tayyorlash hisoblanadi.
Xususan, chet tillarini chuqur o‘rganish ta’lim oluvchilar uchun xalqaro maydonga keng yo‘l ochadi. Mamlakatimizda chet ellik hamkorlar bilan tashkil etilayotgan ko‘plab korxonalarda chet tilini biluvchi kadrlarga ehtiyoj katta.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini ta’minlash uchun ochiq dars va master-klasslarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi buyrug‘i asosida kasb-hunar maktablarida ochiq darslar tashkil etilyapti.
Past Darg‘om tumanidagi 4-son kasb-hunar maktabida rus tili fani o‘qituvchisi Jayrona G‘ofurova o‘tkazgan “Sinonimi. Antonimi” mavzusidagi ochiq dars mashg‘uloti o‘quvchilarda ushbu tilga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Barcha zamonaviy yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanilgan holda hamda o‘quvchilarning kasb faoliyatiga bog‘lab o‘tkazilgan ochiq dars davomida o‘qituvchi rus tilidagi til bilish ko‘nikmalaridan samarali foydalandi hamda mavzuni to‘la yoritib berdi. Mashg‘ulotda o‘quvchilar ham faol ishtirok etdi.
- Ochiq dars mashg‘ulotlari o‘qituvchi mahoratini namoyon etib, o‘quvchi bilimini mustahkamlashga xizmat qiladi, - deydi J.G‘ofurova. - Shuningdek, ochiq dars o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining mutaxassisligi bo‘yicha bilimlarini oshirib borish, soha bo‘yicha yutuqlarini yosh mutaxassislar orasida ommalashtirish va kamchiliklarni bartaraf etish, darslarni zamonaviy interfaol uslublar, ko‘rgazmali va tarqatma materiallar yordamida tashkil etishdan iborat.
S.Mardiyev.