Kollej va texnikumlarda o‘quv jarayonini boshlash uchun so‘rovnomalar o‘tkaziladi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tashabbusi bilan kollej va texnikumlarda o‘quv jarayonini an’anaviy yoki masofaviy shaklda davom ettirish maqsadida o‘quvchilar va ularning ota-ona (vasiy)lari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilishi belgilandi.
Bunda kollej va texnikumlarga kirish imtihonlari natijalari e’lon qilingandan so‘ng farzandlari o‘qishga kirgan ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘quv jarayonini boshlash muddati va shaklini belgilash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Yangi o‘quv yilini an’anaviy tarzda boshlashga tayyor bo‘lgan kollej va texnikumlarda o‘quv jarayonini boshlash masalasi tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashi muhokamasidan o‘tkaziladi.
Kollej va texnikumlarda SanPiN talablari bajarilgan taqdirda hamda ota-onalar va deputatlardan ijobiy xulosalar olingandan so‘ng, o‘quv jarayonlari an’anaviy shaklda tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 7-bayoni qaroriga muvofiq 2020 yil 20 noyabrdan 30 noyabrga (shu kuni ham) qadar kollej va texnikumlarga saralash imtihonlari o‘tkaziladi.
Kollej va texnikumlarning 178 tasida test sinovlari, 176 tasida esa yozma imtihon shaklida, sport sohasidagi kollej va texnikumlarda kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tadi.