Ikkinchi chorakdan barcha o‘quvchilarning maktabga borishi majburiy bo‘ladimi?
Ota-onalar tomonidan II chorakdan barcha o‘quvchilar to‘liq an’anaviy shakldagi ta’limga qaytadimi, degan savollar kelib tushmoqda.
Mazkur savollar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
"Maktablarda joriy o‘quv yili ota-onalarning ixtiyori asosida onlayn hamda an’anaviy shaklda yo‘lga qo‘yildi. Afsuski, bugungi kunda mavjud vaziyatni to‘g‘ri tushunmasdan, ayrim ota-onalar tomonidan farzandini maktabga yubormaslik bilan birga, “Onlayn darslar” vaqtida farzandini dars qilishini ta’minlash o‘rniga, ko‘chada yurishiga yo‘l qo‘yayotgan yoki uni boshqa ishlar bilan band qilib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda.
Aytish joizki, farzandlarimizning zoye o‘tayotgan har bir kuni uning ertangi kelajagiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Hech qanday zamonaviy texnologiya bolaning maktabda ta’lim olishi o‘rnini bosa olmaydi.
Shu sababli hurmatli ota-onalardan, uyda bolaning televideniye orqali onlayn ta’lim olishiga to‘laqonli sharoit yaratishning imkoni bo‘lmasa, farzandlarini maktabga yuborishlarini so‘raymiz.
Bugungi kunda Respublikamizdagi 10008 ta maktabning deyarli hammasida an’anaviy ta’lim olish imkoniyati yaratilgan. O‘quvchilardan 4,6 million nafari, ya’ni 74 foizi an’anaviy, qolgan 1,6 million nafari, ya’ni 26 foizi onlayn shaklda tahsil olmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarning ta’lim shakli to‘liq an’anaviyga o‘tish bo‘yicha qaror qabul qilingan taqdirda vazirlikning rasmiy manbalari orqali ma’lumot beradi.
Eslatib o‘tamiz, onlayn ta’lim shakli to‘liq bekor qilingan taqdirda ham “Onlayn maktab” loyihasi doimiy ravishda davom ettirilishi ko‘zda tutilgan. Bu o‘z navbatida, chekka hududlardagi o‘quvchilarga sifatli qo‘shimcha ta’lim olish uchun imkoniyat yaratadi".