Bugun umumta’lim maktablarida "Bilimlar kuni" tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yangi o‘quv yilida 773 350 nafar o‘quvchi maktablarda tahsil oladi. Shundan 49026 nafari 11-sinf o‘quvchilari.

1-sinflarga esa 83 550 nafar o‘quvchi kutib olindi. Ular uchun 13 nomdagi sovg‘alar jamlanmasidan iborat “Prezident sovg‘asi” maktablarga yetkazilib bugungi tadbirlar jarayonida topshirildi. “Prezident sovg‘asi” shuningdek viloyatdagi 25 ta xususiy maktablarning 982 nafar o‘quvchilari uchun ham to‘liq tarqatildi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufida 2022/2023 o‘quv yilida 1260 ta maktab faoliyat olib boradi. Shundan 3 ta maktablar yangidan tashkil etildi. Eng ko‘p maktablar soni Urgut tumanida 147 ta.

Muxbirimiz yuqoridagi Past Darg‘om tumanidagi 52-umumta’lim maktabida bo‘lib bilimlari kuni tadbirida ishtirok etdi.
Tadbirda "Balxiyon", "Kamolot" mahallasi faollari, faxriy o‘qituvchilar, maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
- Maktabimizda yangi o‘quv yilini 637 nafar o‘quvchi bilan boshladik, - deydi ta’lim muassasasi direktori Dilrabo Qodirova – Ularning 81 nafari ilk qadamlari bilan birinchi sinfga qabul qilindi. Bu yil 29 nafar o‘quvchimiz 11-sinfni tamomlab, o‘zlarining qiziqishi bo‘yicha o‘qishini davom ettiradi.



"Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" shiori ostida o‘tgan mustaqillik darslarida istiqlol bergan imkoniyatlar, ilm-fan sirlarini chuqur egallash yosh avlod kelajagini belgilaydigan muhim omillar ekanligi haqida so‘z bordi.