Sinf rahbarlari sovg‘aga muhtojmi?
O‘quv yili yakunlanayotgani sari ta’lim muassasalari o‘qituvchi-murabbiylari hamda ota-onalarning tashvishi, yugur-yuguri ko‘payib qoladi. Savdo do‘konlariga kirsangiz, bobo-buvilar, ota-onalarning nabiralar, farzandlarining “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri uchun kiyim-kechak, sovg‘alar tanlayotganiga guvoh bo‘lasiz. Restoran-kafelarda esa “Bitirish kechasi”ga pinhona buyurtmalar bo‘layotgani qulog‘ingizga chalinadi.
Xalq ta’limi vazirligi bunday tadbirlarni ortiqcha dabdaba va chiqimlarsiz, o‘quvchilar hayoti xavfsizligini ta’minlagan holda, pedagoglar jamoasi va ota-onalar kengashlari vakillari ishtirokida o‘tkazishni tavsiya etmoqda.
Ammo el ichida yurgan har xil gap-so‘zlar kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Kimdir 11-sinf bitiruvchilari pul yig‘ib, sinf rahbariga “esdalik” sovg‘asi hozirlayotgani haqida gapirsa, yana kimdir katta pul evaziga “Bitiruv oqshomi” uchun restoran band etishganini aytyapti.
Bunday mish-mishlarga ishonmaslikka harakat qilamanu, biroq mutasaddi rahbarlar voqelikni qanchalik yashirishga urinmasin, salbiy holatlar ta’lim muassasalarida haliyam davom etayotgani meni tashvishga soladi.
Mamlakatimizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning bir qancha farmon va qarorlari qabul qilinib, korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan jiddiy choralar ko‘llanilayotganiga qaramasdan, xalq ta’limi muassasalarida bunday salbiy holatlarga chek qo‘yilmayotgani ajablanarli.
Bugun bu kabi illatlarga qarshi qat’iy kurash boshlangan. Chunki korrupsion holatlar jamiyatning ma’naviy ildiziga bolta uradi, fuqarolar, ayniqsa, maktabni endigina bitirib, katta hayot bo‘sag‘asiga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarimizning dunyoqarashini zaiflashtiradi, ular ongida real turmush tarziga nisbatan noob’yektiv fikr uyg‘otadi.
Xo‘sh, aytingchi, aslida sinf rahbarlari sovg‘aga muhtojmi?
Yo‘ldosh Suyunov,
mehnat faxriysi, huquqshunos.