Yangi o‘quv yili qanday boshlanadi?

2021-2022 o‘quv yili oliy ta’lim muassasalari, kollej, texnikum, kasb-hunar maktablari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 6 sentyabrdan an’anaviy tarzda boshlanadi.
O‘quv jarayoni qat’iy karantin qoidalariga amal qilingan holda tashkil etiladi.

Oliy ta’lim muassasalarida
Yangi o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘quv varaqasi, guruh jurnali, reyting daftarchasi, akademik ma’lumotnoma, dars jadvali, davomat va o‘zlashtirishga oid ma’lumotlar va hatto, to‘lov-kontrakt shartnomalari ham raqamlashtiriladi.
Shuningdek, baholash tizimi ham o‘qituvchiga bog‘liq bo‘lmaydi. Savol-javob va uning bahosini yangi yaratilgan axborot tizimining o‘zi bajaradi. Masalan, har bir ma’ruzadan so‘ng talabalardan test olinadi. Uning natijasi ham avtomatik tarzda tizimning o‘ziga tushadi. Bu yerda inson omili qatnashmaydi.
Bundan tashqari, endi qoldirilgan darslar uchun qayta o‘zgartirish qabul qilinmaydi. Agar talaba uzrli bo‘lsa, bu haqda ma’lumotnoma olib kelishi kerak. 25 foiz darsni qoldirgan talaba fanni boshqatdan o‘qishga majbur.

Kasb-hunar maktablarida
2021-2022 o‘quv yilida viloyatdagi 37 kasb-hunar maktabiga 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilish bo‘yicha 9240 ta qabul kvotalari belgilandi. Amalda 54 kasb bo‘yicha 9917 nafar, ya’ni, qabul rejasiga nisbatan 107 foiz o‘quvchi qabul qilindi.
Yangi o‘quv yilidan viloyatdagi kasb-hunar maktablarida 18 644 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.

Kollej va texnikumlarda
Viloyatdagi 15 ta kollejda 4863 nafar hamda 22 ta texnikumda 8752 nafar 2-bosqich o‘quvchilariga dars mashg‘ulotlari an’anaviy shaklda boshlanadi.
Kollejlarda kunduzgi, kechki, sirtqi ta’lim shakllari asosida qabul jarayonlari tashkil etilgan. 2021-2022 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari 10 sentyabrga qadar davom etadi, onlayn ariza berish kollej.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.
Kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha kollejlarga 5295 ta, texnikumlarga 13273 ta qabul rejalari tasdiqlandi.
Bugungi kunda kollejlarga kollej.edu.uz platformasi orqali 2531 nafar, texnikumlarga texnikum.edu.uz platformasi orqali 6232 nafar abituriyent onlayn hujjat topshirdi.

Maktablarda
Viloyatimizdagi maktablar soni o‘tgan yili 1257 ta bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan ular soni 1260 dan oshmoqda.
Shuningdek, viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar soni 746 614 nafarga yetmoqda. 76 621 nafar bola 1-sinfga kelishi kutilyapti.
O‘tgan o‘quv yili boshida 81 maktab elektron kundalikka o‘tgan bo‘lsa, bu yil 600 dan ortiq umumiy o‘rta ta’lim maktablari elektron kundalik asosida ish yuritadi.