175 nafar bemorning sog‘ayishida hissa qo‘shgan toshkentlik shifokorlarga minnatdorchilik bildirildi
Shifokorlar bugungi kun qahramonlari. Ularning tunu kun olib borayotgan sa’y-harakatlari tufayli koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan minglab bemorlar sog‘ayib, o‘z oilasi bag‘riga qaytmoqda. Samarqandlik 175 nafar bemorning oyoqqa turib, darddan butunlay forig‘ bo‘lishida hamkasblariga yaqindan yordam ko‘rsatgan toshkentlik shifokorlarning ham munosib hissasi bor.
21 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligining topshirig‘iga muvofiq viloyatimizga kelgan 6 nafar yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali mutaxassislar xizmat vazifasini sharaf bilan uddalab, bugun uylariga qaytdi.
Munosib mehnat-rag‘batsiz qolmaydi. COVID -19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda kasallika chalingan bemorlarning butunlay sog‘ayib oilasiga bag‘riga qaytishida fidoyilik va o‘z kasbiga sadoqat namunalarini ko‘rsatganligi uchun Toshkentlik shifokorlarga viloyat xokimligi tomonidan alohida minnatdorlik bildirildi. Ularning har biriga viloyat hokimi nomidan tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.