18 may – Xalqaro muzeylar kuni: Bugun barcha muzeylarda aholiga bepul xizmat ko‘rsatiladi
1977 yildan buyon dunyoda an’anaviy tarzda 18 may Xalqaro muzeylar kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Chunki muzeylar - o‘tmishdan qolgan madaniyat, ma’rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig‘indisi bo‘lib, amaldagi tartiblarga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.
Yurtimiz tarixi, xalqimizning boy ma’naviy merosi haqida tushunchaga ega bo‘lish, undan bugungi avlodni xabardor etishda muzeylarning o‘rni katta. Shu bois mamlakatimizda mazkur muassasalar faoliyatini takomillashtirish, ularning zamon talablari darajasida ish olib borishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
“Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi «2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Samarqand viloyati muzeylarida yurtimizning bir necha ming yillik tarixi va madaniyati, ajdodlarimizning boy ilmiy merosiga oid 211 mingdan ortiq ashyolar, tarixiy ma’lumotlar saqlanmoqda. Camarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy, badiiy muzey-qo‘riqxonasi ushbu muassasalar hamda viloyatdagi oltita tarixiy obida va ikkita ziyoratgohni birlashtirgan holda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Darvoqe, yaqinda respublika Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova bugun, ya’ni 18 may kuni mamlakatimizning barcha muzeylarida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, bugun barcha muzeylar tashrif buyuruvchilar uchun bepul xizmat ko‘rsatadi.