Samarqanddagi muzeylarga o‘ta noyob qadimiy eksponatlar sotib olindi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2022 yil 27 iyuldagi qaroriga muvofiq, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasiga 500 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Ushbu mablag‘ hisobidan miloddan avvalgi II asr va milodiy XIV asrga taalluqli 41 dona bronza oyna kolleksiyasi, XI asrga tegishli, asosan Qoraxoniy Ibrohim ibn Nasrning 180 dona kumush tangalari kolleksiyasi, Chig‘atoy xonlari (Bayonqulixon va Tarmashirin)ning 236 dona dinor va dirhamlari, o‘ndan ortiq rang-tasvir asarlari, tarixiy liboslar, kashta, fotoapparat, uy-ro‘zg‘or buyumlari, ipak gilamlar, zargarlik mahsulotlari, jami 600 ga yaqin tarixiy va badiiy qimmatga ega ashyolar xarid qilindi.

Shu yilning 27 may kuni qabul qilingan “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida 2022 yil 1 iyuldan boshlab aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi tashkil etilishi va doimiy ravishda o‘tkazib borilishi belgilangan.

Mazkur aksiya doirasida har yili davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish uchun Madaniy meros jamg‘armasiga davlat byudjetidan qo‘shimcha 3 milliard so‘m, hududlardagi tegishli davlat muzeylariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri byudjetidan 500 million so‘mdan mablag‘ ajratib borilishi qayd etilgan.

– Shu paytgacha muzeylar o‘zi ishlab topgan pulga, ya’ni byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ashyolar sotib olardi, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. – Biroq bu ham ko‘pi bilan 40-50 million so‘mni tashkil etib, muzeylar fondini o‘z vaqtida komplektlashtirish uchun kamlik qilardi. Davlatimiz rahbarining qarorida belgilangan tartib esa muzeylar fondini boyitish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan alohida badiiy hamda tarixiy qimmatga ega ashyolarni sotib olishda juda katta imkoniyat yaratdi.

Bu eksponatlar yuqoridagi hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida xarid qilindi.
Yaqin kunlarda Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida joriy yilda xarid qilib olingan ushbu qimmatli ashyolar ko‘rgazmasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.