Samarqandda Koreya bilan hamkorlikda ilk zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasi tashkil etildi

O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya Respublikalari hamkorligida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros departamenti boshlig‘i Kamola Akilova so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi o‘zaro hamkorlik rishtalari bundan 1400 yil oldin o‘rnatilgani, Samarqandga shu maqsadda tashrif buyurgan elchilar “Afrosiyob” muzeyi devorlaridagi suratlarda tasvirlanganini alohida ta’kidladi.

- Ushbu loyihaning amalga oshirilishiga 2019 yilda Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy meros departament fondi bilan Madaniyat vazirligi, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi hamda Fanlar akademiyasi o‘rtasida “Ipak yo‘li madaniy merosini tadqiq etish va saqlash”ga doir memorandum imzolangani asos bo‘ldi, - deydi laboratoriya uskunalarini o‘rnatish va xodimlarga o‘rgatish ishlariga mas’ul xodim Jiseo Kim.



– Yurtingizda laboratoriyaning tashkil etilishi ko‘plab noyob eksponatlarning qayta tiklanishiga, Ipak yo‘li madaniy merosining saqlanishiga xizmat qiladi. 2020 yil karantin bo‘lishiga qaramay, hamkorlikda laboratoriyani tashkil etish ishlarini olib bordik. Maqsadimiz Afrosiyob muzeyida saqlanayotgan devoriy suratlarni kelajak avlodga yetkazish, ularni saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borish. 2021 yilda bevosita devoriy suratlarni har tomonlama mukammal saqlashga erishish uchun bu yerdagi atmosfera havosini, namgarchilikni boshqarish imkoniyatini beradigan tizimni yaratish niyatidamiz. Shu bilan birga loyiha O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi fondida saqlanayotgan etnografik va arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish uchun ham yo‘naltirilgan. Asosan metall va tosh eksponatlar restavratsiya qilinadi. Biz videoroliklar orqali muzey xodimlariga ushbu uskunalardan foydalanish uchun seminar-treninglar o‘tkazdik. 2021 yilda laboratoriyada koreyalik ta’mirlovchi mutaxassislar tomonidan uskunalardan foydalanish bo‘yicha seminar-treninglar har bir ilmiy xodim uchun o‘tkaziladi.

Mazkur laboratoriyani zamonaviy asbob-uskunalar va kimyoviy materiallar bilan ta’minlash uchun 700 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi hamda 12 turdagi uskunalar keltirildi.

 

- Oldin muzeydagi restavratsiya jarayonlari qo‘l mehnati asosida qilinar edi, - deydi muzey ta’mirlovchisi Bahriddin Boliyev. – Laboratoriyadagi zamonaviy uskunalar bizga har bir eksponatni mukammal o‘rganish imkoniyatini beradi. Masalan, mana bu videokamerali mikroskop eksponatlarni 50 ming martagacha kattalashtirib ko‘rsatish xususiyatiga ega. Yana bir uskuna eskponatlarning yuzasidagi tuzlarni yuvadi, yana biri katta bosim ostida konservatsiya qiladi. Hozirgi kunda muzeyimizdagi 50 foizdan ortiq eksponatlar restavratsiyaga muhtoj, ushbu uskunalar tariximizni kelajak avlodga yetkazishda katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Samarqandda zamonaviy ta’mirlash laboratoriyasining ochilishi, yurtimizning ilmiy salohiyatini kuchaytirishga, tarixiy eksponatlarimizni saqlashga, O‘zbekistonning Osiyo mintaqasi,  xususan Janubiy Koreya Respublikasi bilan madaniy aloqalari va hamkorligini mustahkamlashga yo‘l ochadi.

Nasiba Jonto‘rayeva.