O‘zbekistonda 100 dan ortiq muzey bor, ularda 1 milliondan ko‘proq eksponat saqlanadi

Lekin odamlarni muzeylarga jalb etish, bu yerdagi mavjud ashyolarni respublika va dunyo miqyosida turli ko‘chma ko‘rgazmalarga olib chiqish va namoyish etish, muzeylarning o‘z imkoniyatlarini reklama qilish, pul tushumini oshirish ahvolini yaxshi deb bo‘ladimi?

Bu haqda va unga erishilmagani sabablari haqida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori o‘rinbosari Mahmudxon Yunusov fikr yuritdi:

 "Muzeyshunoslik va muzey ishini takomillashtirish, sohani isloh etish maqsadida dastlab 1994 yil 23 dekabrda Vazirlar Mahkamasining «Respublika muzeylari faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori, 1998 yil 12 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi. 1998 yilda muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, zarur ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash uchun «O‘zbekmuzey» jamg‘armasi tashkil etildi.

2008 yilga kelib «Muzeylar to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingandi. Ushbu qonun, farmon va qarorlar amaliyotga tatbiq etilganda ham bir necha qancha kamchiliklar ko‘zga tashlana boshladi. Bu nimalarda ko‘rindi?

Birinchidan, O‘zbekiston muzeylari notijorat madaniyat tashkiloti hisoblanib, muzeylarda pullik xizmat ko‘rsatish tizimi mavjud bo‘lmagan. Oqibatda muzeylarimizda ulkan imkoniyatlar bo‘la turib, kirish chiptalari va ekskursiya xizmatini hisobga olmaganda servis tizimi shakllanmadi.

Ikkinchidan, muzey fondlari va ekspozitsiya zallarining jihozlanishi me’yorlariga oid yo‘riqnoma ishlab chiqilmagan edi. Natijada ashyolarning saqlanishi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmadi. Yaratilayotgan ekspozitsiyalar ham talabga javob bermasdi.

Uchinchidan, respublikadagi muzeylarni ta’mirlash va qayta qurish haqidagi qaror oxirgi marta 1994 yilda (Vazirlar Mahkamasining «Respublika muzeylari faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida») qabul qilingan bo‘lib, keyingi yillarda aksariyat muzeylarning moddiy-texnik bazasi nochor ahvolga tushib qolgan edi. Ko‘plab muzeylarning moslashtirilgan binolarda joylashganligi ularda dunyoning boshqa muzeylarida bo‘lgani kabi noyob jamlanmalarini namoyish etish imkoniyatini bermasdi.

To‘rtinchidan, muzeylarda oylik maoshning kamligi kadrlar qo‘nimsizligiga olib keldi. Ko‘pchilik malakali ilmiy xodimlar boshqa yo‘nalishlarga o‘tib ketdi. Shu kabi muammolarni barataraf etish maqsadida 2018 yil 14 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Beshinchidan, muzeylardagi mavjud ashyolarni respublika va dunyo miqyosida turli ko‘chma ko‘rgazmalarga olib chiqish va namoyish etish bo‘yicha yo‘riqnoma mavjud bo‘lmagan. Oqibatda muzeylarning o‘z imkoniyatlarini reklama qilish, pul tushumini oshirish imkoniyatlari cheklanib qoldi.

Oltinchidan, muzeylar tomonidan turli ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish tizimi ishlab chiqilmagan, bunday faoliyat moliyalashtirilmagan edi. Respublikadagi sanoqli muzeylar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, turli grantlar doirasida mazkur faoliyat bilan shug‘ullangan, albatta. Biroq bu mavjud salohiyatga nisbatan juda past ko‘rsatkichdir.

Yaqinda qabul qilingan va 2021 yil 26 noyabrdan kuchga kirgan “Muzeylar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun yuqoridagi muammolarni hal etishga qaratilgan. Hozirda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan respublikadagi muzeylar bilan hamkorlikda mazkur qonunni ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda", deb yozadi muzeyshunos.