Berlindagi ko‘rgazmada Samarqand muzeyi ashyolari namoyish etilmoqda
Ertaga Berlin shahridagi Jeyms Simon galereyasi va Yangi muzeyda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Aleksandr Makedonskiydan Kushon imperiyasigacha” nomli ko‘rgazma ish boshlaydi.
2024 yil 14 yanvargacha davom etadigan ko‘rgazmada O‘zbekistonning 9 ta muzeyi to‘plamlaridan 270 dan ortiq muzey buyumlari namoyish etiladi. Bu eksponatlarning aksariyati birinchi marta mamlakat tashqarisida namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma miloddan avvalgi IV asrning ikkinchi yarmidan - Aleksandr Makedonskiy istilosidan milodiy IV asrda Kushon davlati inqirozigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan arxeologik topilmalarga bag‘ishlangan.
Yangi muzeydagi ko‘rgazmada O‘zbekiston muzeylari ashyolari bilan birga Berlin davlat muzeylari eksponatlari ham namoyish etiladi. Ko‘rgazmaning birinchi qismi Aleksandr Makedonskiyning Yunonistondan Markaziy Osiyoga tomon yurishiga bag‘ishlanadi.
Ko‘rgazmaning ikkinchi qismi Kushon davlati tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, Jeyms Simon galereyasida qurilgan va unda Kushonlar davrida shahar madaniyati, o‘sha davrdagi diniy e’tiqodlar – zardushtiylik va buddizm rivoji ko‘rsatilgan.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlaridan 23 dona eksponatlar ko‘rgazmaga olib borildi. Ular miloddan avvalgi II-I asrlarga oid Afrosiyob va Toliborzu yodgorligidan topilgan sopol haykalchalar, miloddan avvalgi II-I asrga oid Afrosiyobdan topilgan idishlar va sopol haykalchalar quyish uchun qolip, Qashqadaryo viloyatining Yerqo‘rg‘on shaharchasidan topilgan III-IV asrlarga oid sopol friz va isiriqdon, Surxondaryo viloyatining Fayoztepa yodgorligidan topilgan I-III asrlarga oid sopol friz va devoriy suratlar, miloddan avvalgi VI asrga oid, saklarning bronzadan ishlangan dubulg‘asi, Kushon podsholari Geray, Girkod, Vima Kadfiz, Kanishka, Vima Taktolarning, shuningdek, Yunon-Baqtriya podsholari Yevtidem, Yevkraditlarning kumush va oltin tangalari, Ahamoniylar va kushonlar davriga oid gemmalardan iboratdir.
Jeyms Simon galereyasi zamonaviy san’atga bag‘ishlangan va Berlinning markazida muzey orolida joylashgan. U mintaqadagi eng taniqli galereyalardan biri bo‘lib, yosh va istiqbolli rassomlardan tortib, taniqli zamonaviy san’at ustalarining asarlarigacha namoyish etadi. Muzey muntazam ko‘rgazmalar va tadbirlarni, shu jumladan ko‘rgazma loyihalarini ochish, ma’ruzalar va ta’lim dasturlarini o‘tkazadi.
Yangi muzey esa 2009 yilda tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini ochgan. Muzey turli xil eksponatlar uchun ko‘rgazma platformasi bo‘lib, tomoshabinlarga Yaqin Sharq va Atlantika, Shimoliy Afrika va Skandinaviyani qamrab olgan eng qadimgi sivilizatsiyalar rivojlanishini kuzatish imkonini beradi.
Mazkur ko‘rgazma loyihasi doirasida nemis, o‘zbek va ingliz tillarida yetakchi o‘zbek va xorijiy olimlarning ilmiy maqolalarini o‘z ichiga olgan ilmiy katalog chiqarilishi rejalashtirilgan.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.