18 may – Xalqaro muzeylar kuni: Insoniyat tarixi, qadriyatlari va madaniy merosi qo‘riqchisi

1977 yildan boshlab har yili 18 mayda dunyodagi 150 ga yaqin davlatda Xalqaro muzeylar kuni nishonlanadi. Bu haqda 1977 yilda Moskva va Leningrad shaharlarida o‘tkazilgan ICOM (International Council of Museums - Xalqaro muzeylar kengashi)ning XI konferensiyasida qaror qilingan edi.

Bayramning maqsadi zamonaviy muzeylarning salohiyati va tarixiy-madaniy merosini ko‘rsatish, keng auditoriya o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy va ta’lim ishlarini olib borishdan iborat. An’anaga ko‘ra, bayramga yangi ko‘rgazmalar, ma’lum mavzuga bag‘ishlangan festivallar, «muzeyda tun» dasturi, ma’ruzalar, teatr tomoshalari, bepul ekskursiyalar, ilmiy o‘qishlar o‘tkaziladi.

1992 yildan e’tiboran Xalqaro muzeylar kuni bayrami ma’lum bir mavzuga bag‘ishlab nishonlanadi. Masalan, 2018 yil bayram mavzusi «Muzeylar giperkommunikatsiya davrida: yangi yondashuvlar, yangi auditoriya» deb nomlangan edi. O‘tgan yili «Muzeylar kuchi» mavzusida nishonlangan bo‘lsa, joriy yilda  «Muzeylar, barqarorlik va farovonlik» mavzusida nishonlanadi.

Ajoyib an’analardan yana biri, 18 mayga yaqin dam olish kunlari, shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadigan «muzeyda tun» dasturining o‘tkazilishidir. Ushbu tadbir birinchi marta 1997 yilda Germaniyada tashkil etilgan va hozirgacha har yili o‘tkazib kelinadi.

O‘zbekiston muzeylari, shu jumladan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ham Xalqaro muzeylar kengashiga 1977 yilda a’zo bo‘lgan. Ana shu davrdan boshlab faol xalqaro aloqalarni olib bormoqda. Muzey-qo‘riqxona xodimlari kengash dasturi doirasida Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Peru, Rossiya, Ukraina, Latviya, Qozog‘iston kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan anjumanlarda qatnashishdi. 1981 yilda Muzeylar xalqaro kengashining hududiy konferensiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilgan edi.

O‘zbekiston muzeylarining xalqaro aloqalari mustaqillik yillarida yangicha mazmun kasb etdi. Jumladan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ashyolari Parij, Leon, Shtutgart, Gannover, Pensilvaniya va boshqa xorij shaharlarida tashkil qilingan ko‘rgazmalarda namoyish qilingan. 1992 yil Fransiyaning Arab dunyosi instituti bilan hamkorlikda «Samarqand kulolchiligi» mavzusida ko‘rgazma tashkil qilingan edi. Bu ko‘rgazma 1994 yilga qadar yana to‘rtta shaharda namoyish etildi. Muzey eksponatlari 2001 yilda Lionda, 2003 yilda Vashingtonda o‘tkazilgan «O‘zbekiston gilamlari» ko‘rgazmasi, Sidneyda 2004 yili o‘tkazilgan «O‘rta Osiyo san’ati» ko‘rgazmasi, 2005 yili Yaponiyaning qator shaharlarida o‘tkazilgan «Buyuk Ipak yo‘li merosi» ko‘rgazmalarida namoyish etilgan.

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi zallarida esa Polsha, Isroil, Suriya va boshqa mamlakatlardan olib kelingan rassomlar asarlari, fotosuratlar ko‘rgazmalari tashkil qilinadi. Jumladan, O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi davlat muzeyida yaponiyalik fotorassomning «Dunyo bolalar nigohida» ko‘rgazmasi, germaniyalik rassom Volfgang Timman asarlari ko‘rgazmasi, «Polonez» polyak madaniy markazi bilan hamkorlikda polyak rassomlari ko‘rgazmalari tashkil etilgan.

1999 yilda AQShning Kaliforniya shtati muzeyida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi arxeologiya jamlanmasi namoyish etildi. 2002 yilda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi «O‘zbekistonda yozuvning paydo bo‘lishi» ko‘rgazmasini badiiy bezash uchun AQSh hukumatining grantini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Yaponiyaning Kioto universiteti bilan hamkorlikda hujjatlar kolleksiyasidagi 312 ta qo‘lyozma hujjatning katalogini yaratish uchun suratga olingan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda muzey ishiga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi «Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan muzeylar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish rejasi tasdiqlangan. Ushbu rejaga muvofiq, O‘zbekiston muzeylari dunyoning 60 dan ortiq xorijiy muzeylari va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqlarini yo‘lga qo‘ydi.

2022-2023 yillar davomida O‘zbekistonning boshqa muzeylari va fondlari qatorida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ham Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etmoqda. 2022 yilda Parijdagi Arab dunyosi instituti va Luvr muzeyida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etgan bo‘lsa, 2023 yilda Saudiya Arabistoni Qirolligining Jidda shahrida va Berlinda tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashdi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi muzeylar xalqaro munosabatlarning to‘laqonli sub’yektlaridir. Ular davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarning mafkuraviy kontekstini shakllantirishda, dunyo aholisi nigohida mamlakatning munosib qiyofasini yaratishda ishtirok etadi. Muzeylarning xalqaro faoliyati bugungi dunyoda professional, ilmiy va badiiy hamkorlikning bir shakli va o‘z navbatida muzey xodimlari ham turli mamlakatlar o‘rtasida mustahkam ko‘prik o‘rnatishga imkon beradigan vazifalarni ado etadilar.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.