Muxlislar: “Dinamo” chempionlik uchun kurashyapti, lekin jamoaga “qopqon” qo‘yilgan

Futbol bo‘yicha viloyatimiz sharafini himoya qilayotgan bosh jamoa — “Dinamo” joriy yilgi mavsumda Superliga va O‘zbekiston kubogi bahslarida yorqin o‘yin namoyish etmoqda. Jamoa Superliga doirasida o‘tkazilgan 20 uchrashuvda 38 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida kuchli uchlikdan o‘rin olgan bo‘lsa, O‘zbekiston kubogida yarim finalga qadar yetib keldi. Biroq so‘nggi paytlarda jamoa o‘yinlarida hakamlik qarorlari jamoa muxlislari va mutaxassislar o‘rtasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Misol uchun, Superliga doirasida 18-turda Samarqandda “Dinamo” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda viloyat jamoasi 1:0 hisobida oldinda borayotgan edi. Biroq uchrashuvning 85-daqiqasida raqib jamoa futbolchisi tomonidan qayd etilgan o‘yindan tashqari holatda kiritilgan gol hakam tomonidan hisobga olindi. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida esa “Dinamo” futbolchisi bahsli holatda maydondan chetlatildi. VAR tizimi orqali vaziyat tekshirilmadi va uchrashuv durang bilan yakunlandi.

Shu kabi holat 20-turda Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi kechgan bahsda ham kuzatildi. 3-daqiqada “Dinamo” hujumchisi Anvarjon Hojimirzayev raqib himoyachisi tomonidan jarima maydonida yiqitildi. Hakam jim, VAR esa vaziyatni ko‘rib chiqish uchun hakamni monitor qarshisiga chaqirmadi. Ammo 90+6-daqiqada “So‘g‘diyona” futbolchisi va “Dinamo” himoyachisi Oleksandr Kucherenkoning to‘qnashuvidan so‘ng VAR orqali penalti belgilandi.  90+12-daqiqada esa mezbonlar penaltidan gol urib, hisobni tenglashtirdi.

“Dinamo”ga “qopqon” qo‘yilganmi?

Vaziyat futbol ishqibozlari orasida ham katta norozilik uyg‘otmoqda. Ular jamoaning so‘nggi uchrashuvlarda hakam xatolari tufayli muhim ochkolardan mahrum bo‘layotganini ta’kidlashmoqda.

– Biz stadionga futbol ko‘rish uchun kelamiz, hakamning bahsli qarorlari uchun emas, – deydi muxlislardan biri. – Hakamlar xatosi oddiy xato emas, bu “Dinamo”ga qarshi qo‘yilgan “qopqon”. Aksincha bo‘lganda, har o‘yinda bunday holatlar bo‘lmasdi.

Vadim Abramov: Hakamlar bir xil vaziyatlarni ikki xil talqin qilyapti

Aynan Jizzaxdagi o‘yindan keyin “Dinamo” jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham matbuot anjumanida o‘yin va hakamlik haqida buni ochiq gapirdi.

- Bugun jamoalar ko‘rsatgan o‘yin muxlislarga yoqdi, deb o‘ylayman, - dedi V.Abramov. - Afsuski, so‘nggi soniyalarda darvozamizga penalti belgilandi va g‘alabani qo‘ldan chiqardik. Men uchun ko‘p narsa tushunarsiz. Hakam vaziyat yonida edi, VAR esa uni chaqirdi. Shunday vaziyatlar bizda bo‘lganida VAR hech kimni chaqirmaydi. Bu VAR bilan hech narsa tushunarsiz, menimcha bunday holat faqat bizda emas, hamma joyda shunaqa bo‘lyapti. Bizga sariq kartochkalar berib tashlashdi, raqibga kelganda ularning o‘yinchisi ikkinchi “sariq”ni olib maydondan chetlatilishi kerak bo‘lganda, hakam 100 foizli kartochkani ko‘rsatmayapti.

Bir xil vaziyatlarni ikki xil talqin qilishmoqda. Bunga tushunish qiyin. Aftidan, hakamlik bo‘yicha men hech narsani tushunmas ekanman. Shunday ekan, tilimni tiyaman. Yigitlarimga oxirigacha kurashishgani uchun minnatdorlik bildiraman. Tig‘iz taqvim paytida raqib bizdan bir kun ko‘proq dam oldi. Bunday vaziyatda o‘ynash og‘ir, maydon, hakamlik...

Ekspert xulosasi: hakam xato qilgan

«So‘g‘diyona» - «Dinamo» (1:1) uchrashuvidan keyin “Dinamo” PFK tomonidan hakamlik bo‘yicha rasmiy shikoyat kiritildi. Ushbu murojaatga javoban Ekspert-hakamlar komissiyasi 90+6-daqiqada belgilangan penalti qarorini noto‘g‘ri, deb baholadi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, vaziyatda o‘yin qoidasi buzilmagan, to‘p uchun kurash bo‘lgan. Shu bois hakamlar qo‘mitasiga tegishli jazo choralari ko‘rish uchun tavsiya berilgan.

Futbolda g‘alaba va mag‘lubiyat o‘rtasidagi farq ko‘p hollarda bitta gol yoki hakamning bitta qarori bilan hal bo‘lishi mumkin. Ekspert komissiyasi ham ba’zi qarorlarni noto‘g‘ri, deb topgan bo‘lsa-da, bu jamoa yo‘qotgan ochkolarni qaytarib bermaydi. E’tibor qaratish kerak bo‘lgan asosiy jihat hakamlik tizimidagi shaffoflik va barqarorlikni ta’minlashdir. Aks holda nafaqat “Dinamo”, balki butun mahalliy futbolimizga ishonch so‘nishi mumkin.

“Dinamo”ning o‘z qarorgohi bo‘ladi

Ayni paytda «Dinamo» jamoasi Charxin qo‘rg‘onidagi «Dinamo» futbol maktabi stadionida tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib bormoqda va sentyabr oyida jamoani juda muhim o‘yinlar kutib turibdi. Superliga doirasida «Andijon»ga qarshi o‘yini 15 noyabrga qoldirilgach, «Dinamo»ning navbatdagi rasmiy uchrashuvi 20 sentyabr kuni Farg‘onada azaliy raqib – chempionlik uchun kurashayotgan «Neftchi»ga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Besh kun o‘tib esa «Dinamo» O‘zbekiston kubogi yarim finalida Toshkentda «Paxtakor»ga qarshi saf tortadi. 29 sentyabrda jamoamiz Superliga 23-turi doirasida Samarqandda «Sho‘rtan»ni qabul qiladi.

Aytish joizki, “Dinamo” jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Dinamo” jamoasi uchun zamonaviy qarorgoh qurish rejalashtirilgan.

- Qarorgoh qurilishiga ko‘p vaqt talab etiladi, - deydi “Dinamo” jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov. - Bu borada o‘zgarishlar bor, viloyat hokimidan minnatdormiz, jamoaga e’tibor qaratmoqda. Umid qilamanki, shu yilning o‘zidayoq jamoa o‘z qarorgohiga ega bo‘ladi. Ya’ni, baza tayyor, faqat uni tartibga keltirib, rekonstruksiya qilish kerak. Bu masalada amaliy ishlar olib borilyapti.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.