2019 yil 1 iyungacha daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan hududlarda ko‘kalamzorlashtirish ishlari yanada rivojlantirilishi belgilangan. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan joriy yil 24 yanvarda viloyat hokimining qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tizimlashtirish va ulardan foydalanish uchun ruxsat berish tartibi yanada takomillashtiriladi. Shuningdek, 2019 yil 1 iyungacha davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlardagi daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi.
Xo‘sh, hujjatga keltirilgan zaxira maydonlariga kim yangi ko‘chat ekadi, daraxtlarni xatlovdan o‘tkazishdan maqsad nima?
- Ushbu qaror bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlardagi daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi, - deydi viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Negmatov. – Bu daraxtlarni noqonuniy kesib ketilishining oldini oladi. Shuningdek, xatlov mavjud daraxtlar soni bo‘yicha aniq ma’lumotga ega bo‘lish va keyingi yillarda daraxtlar soni qanchaga ko‘payganini hisoblash uchun o‘tkazilyapti. Endi bo‘sh turgan va zaxira yerlarida shahar va tuman hokimliklari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, o‘ziga tegishli maydonga korxona-tashkilotlar, temiryo‘l bo‘ylariga avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi, fermer xo‘jaliklari o‘ziga tegishli yerlarga, suv bo‘ylariga «Zarafshon» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, shahar va tuman markazlarida obodonlashtirish boshqarmasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi daraxtlar ekadi.
Qarorning yana bir ahamiyatli tomoni, daraxtlarni ruxsatnomalarsiz kesish g‘ayriqonuniy hisoblanadi. Ularni kesish, qo‘porib olish uchun ham ruxsatnoma talab qilinadi. Endilikda qurib qolgan yoki shikastlangan daraxtlar ham Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosasi asosida amalga oshiriladi.