25-30 avgust kunlari Samarqand shahrida «Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi
YuNESKO shafeligida o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» Markaziy Osiyodagi eng katta festivallardan biri sanaladi.
Festival o‘tkazilishidan asosiy maqsad milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq qilish, millatlarning madaniyat va an’analarini asrash va rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat.
1997 yilda tashkil etilib, ilk marotaba o‘tkazilgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida 31 ta davlatdan musiqiy guruhlar va ijrochilar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019 yilda o‘tkazilgan XII «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida ishtirokchi davlatlar soni 75 taga yetgan.
2024 yilning 25-30 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish uchun 100 dan ziyod mamlakatga mazkur festivalda ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborildi.
Hozirda festivalda qatnashish yuzasidan xorijiy mamlakatlardan, xususan, Yaponiya, Indoneziya, Polsha, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Italiya va boshqa bir qator Sharqiy Osiyo davlatlaridan arizalar kelishi boshlandi.
Bugunga kelib «Sharq taronalari» nafaqat O‘rta Osiyoda, balki jahon miqyosidagi mashhur festivallar qatoridan joy olib ulgurdi. Buning yorqin misolini yildan-yilga qatnashchilar va festivalda qatnashish istagini bildirayotgan davlatlar sonining oshishida, dastur saviyasining yuqorilab borayotganida ham ko‘rish mumkin.