27 yoshli yigit o‘g‘irlik sodir etayotganda qo‘lga tushdi

Joriy yilning 23 iyun kuni taxminan soat 10:00 da Chilonzor tumanidagi Toshkent halqa avtomobil yo‘li yaqinida tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazgan jinoyat qidiruv xodimlari noma’lum shaxs “Spark” avtomobili eshigini pult yordamida ochmoqchi bo‘layotganini ko‘rib qolishgan.

Noma’lum shaxs doim yon-atrofga nazar solib turar edi, eshikni ochishni esa uddalolmayotgandi. Eshik ochilgach, u salonga kirib “bardachok”ni ko‘zdan kechirishni boshladi. Uning yoniga xodimlar kelib, biror yordam kerakmi, deb so‘rashdi. U adashganini aytib qochmoqchi bo‘ldi. Ammo xodimlar uni tutib olishdi.

Tekshiruv davomida xodimlarning gumonlari tasdiqlandi. Qo‘lga olingan andijonlik 27 yoshli Mansurbek A.ning so‘zlariga qaraganda, u birovning mashinasini universal kalit yordamida ochib, pul va boshqa qimmatbaho buyumlar topmoqchi bo‘lganini aytdi.

Avtomobil egasi 33 yoshli Abdurahmon A. o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan shaxsni tanimasligini aytib, Toshkent shahar IIBB xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining xabar berishicha, Mansurbek A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) va 169-moddasi (o‘g‘irlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.