35 yil aybsiz qamalib chiqqan amerikalik ayolga 3 million AQSh dollari to‘lanadi

Talaba qizni o‘ldirganlikda ayblanib, 35 yil umrini qamoqda o‘tkazgan Amerikaning Nevada shtatidan bo‘lgan ayol aybsiz qamalgani uchun 3 million dollar tovon puli oladi. Bu haqida NBC News xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 68 yoshli Keti Vudsga tovon puli maxsus tuzilgan komissiya chiqargan qaror asosida to‘lanadi. 

Ish ko‘rilib chiqilgan shtat hududida bunday xatolar boshqa takrorlanmasligiga ishonch bildirildi.

“Hech qanaqa mablag‘ Vuds xonimni boshidan o‘tkazganlarini o‘rnini to‘ldirolmasa-da, bu (pul) hech bo‘lmaganda unga o‘zi haqida g‘amxo‘rlik qilishiga ko‘mak beradi”, - dedi qaror qabul qilinganidan so‘ng advokat.

Vuds xonim, Rino shahridan pul to‘lanishini talab qilishda davom etishini e’tirof etdi. Endi u, uni 1979 yilda ruhiy kasalliklar shifoxonasida jinoyatni bo‘yniga olishga majbur qilganlarning harakatlari uchun tovon puli undirish istagida.

Vuds xonimga nisbatan chiqarilgan dastlabki ayblov hukmi 1980 yilda Nevada Oliy sudi tomonidan bekor qilingan, lekin u 1984 yilda qaytadan javobgarlikka tortilgan. Vuds xonimni aybsizligi, DNK tahlili natijasida qo‘lga kiritilan isbot taqdim etilgandan so‘ng, faqatgina 2014 yilga kelib o‘z isbotini topdi. Uni jinoyat sodir etilgan joydan topilgan tamaki qoldig‘idan olishgan. 1976 yilda, jinoyat qidiruvi amaliyotida bunday usul hali mavjud bo‘lmagan. Haqiqiy qotil boshqa bo‘lib chiqdi.