52 yoshli samarqandlik fuqaroning jasadi jamadondan topildi

Oliy sudda ta’minotchi vazifasida ishlagan fuqaroning jasadi Toshkent viloyati Qibray tumanida sayohat jomadonidan topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 8 avgust kuni kechga yaqin Qibray tumani IIBga «Qodiriya GESlar Kaskadi» unitar korxonasi 11-sonli GESining 2-avankamerasida sayohat chemodaniga inson jasadi tiqib qo‘yilgani haqida xabar kelib tushadi.

Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda, yarim ochiq holatdagi «BIAHao» sayohat chemodani ichida sochlariga oq oralagan erkak kishining jasadi borligi ma’lum bo‘ladi.

Murdani ko‘zdan kechirish davomida uning badanida tan jarohati va undan qolgan izlar aniqlanmagan. Shimining cho‘ntagidan jami 410 000 so‘m miqdorda naqd pul topilgan.

Olib borilgan tergov va tezkor-qidiruv harakatlari natijasida murdaning shaxsiga oydinlik kiritilgan: u 1968 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, poytaxtning Yakkasaroy tumanida istiqomat qilib kelgan Sh.A. ekani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, marhum ilgari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ta’minotchi vazifasida ishlagani aytiladi).

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Sh.A. shu yilning 7 avgust kuni ertalab uyidan «Gentra» rusumli avtomashinasida Toshkent shahridagi Respublika Shoshilinch tez tibbiy klinik (sobiq 6-sonli) shifoxonasiga chiqib ketgan.

Mazkur transport vositasini aniqlash bo‘yicha «To‘sib ushlash» tadbiri e’lon qilinib, transport vositasi qayerda ekanligini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Bo‘stonliq tumani sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasining birlamchi ma’lumotnomasida marhum Sh.A. «bo‘yin a’zolari to‘mtoq jism ta’sirida siqilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya»dan vafot etgani qayd etilgan.

Ayni paytda holat bo‘yicha Qibray tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, jinoyatni fosh etish maqsadida Toshkent viloyat IIBB, Toshkent shahar IIBB hamda tuman IIB xodimlaridan iborat tezkor guruhlar tashkil etilib, tergov hamda tezkor-qidiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.