550 so‘mlik tuxum 850 so‘mga chiqqanini kim izohlaydi? Yoki 300 so‘mlik shivitni 3 ming so‘mga sotayotgan bozorchining yuzini shuvut qiladiganlar bormi?

Narxi 550 so‘m bo‘lgan tuxumning birdan 850 so‘mga ko‘tarilgani xaridorlar e’tiroziga sabab bo‘ldi. Chunki mahsulotning sotilish bahosi 10-15 foizga oshishiga odamlar allaqachon ko‘nikib qolishgan. Lekin narxning qariyb 55 foizga ortishi ularda norozilik uyg‘otdi va ranjish alomati noma ko‘rinishida ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Afsuski, hali birorta mutasaddi nima sababdan narx keskin o‘zgarganiga tushuntirish bergani yo‘q.

Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Mahsulot narxining o‘n foizga emas, bir barobarga oshishi ham men duch kelgan misol oldida ip esholmas ekan.

Ro‘zg‘or uchun haftada bir bor – dam olish kuni xotin bilan bozorlik qilaman. Xotinimni mahsulotlar, meni ularning narxi qiziqtiradi. Rasta yonida uzoq qolib savdolashganim yoqmaydi unga. Bozorda narxi tushib turadigani faqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari – pomidor, bodring, piyoz, kartoshka va shularga o‘xshash. Mahsulot ko‘payib qolsa, dehqonlar ularni suv tekinga ham berib yuborishadi.

Ko‘katni ko‘pincha bozor eshigi yonida o‘tiradigan ayoldan olaman. Yarim yilcha oldin uchtasi ming so‘mdan sotilgan ko‘katning donasi ming so‘mga chiqqani meni ajablantiradi.

- Ikkitasi bir yarim ming so‘mdan bo‘ladimi? – savdolashaman.

- O‘zim 900 dan olganman, - deydi baqaloq xotin. Keyin, qizi bo‘lsa kerak, yonida ko‘katlarni ipga o‘rayotgan o‘ziga o‘xshash xo‘ppa semiz qizga o‘shqiradi. – Katta bog‘lamlarini 3 ga bo‘l.

Tarmoqda ta’mirlash sabab ichimlik suvi bir kun bo‘lmasligi e’lon qilingani uchun xotinim hovlisi bozor yonida bo‘lgan onasinikidan suv olib kelishni aytarkan, erinchoqligimni yashirish maqsadida ishdan toliqib kelganimni ro‘kach qildim. Erta ishga borgunga qadar bu topshiriq bajarilishi mumkinligini aytgandim, unga ham ma’qul tushdi.

...Suv bahona, onasini ko‘rish imkoniyati paydo bo‘lganidan ruhlangan xotinim hamrohligida mashinani qaynonam yashaydigan manzil tomon burdim. Tong otib kelayotgani uchun atrof yorishib borardi. Bozor yonidagi yo‘lakda dehqonlar o‘z mahsulotlarini sotayotganini ko‘rgan xotinimning yodiga uyda sabzavot tugagani tushdi. Mashinani to‘xtatdim.

Bozorning kirish darvozasi oldi yo‘lagining ikki tomoni sabzavotu ko‘katlar solingan xalta va yashiklar bilan to‘la, tongdanoq odam gavjumligi meni hayron qoldirdi. Odmi kiyinishidan dehqonligi ma’lum o‘rta yoshlardagi kishi oldida turgan har xil ko‘katlar solingan sumkalar e’tiborimni tortdi.

- Shivit qancha?

- 300 so‘m.

- A?

Ajablanganimni boshqacha tushungan bo‘lsa kerak, yanada arzon qilishini aytdi.

- Ko‘proq olsangiz 250 so‘mdan beraman.

- Qimmatligidan emas, arzon aytganingiz uchun ajablandim, aka.  – dedim dehqonga ko‘nglimga kelganini yashirmay. – Menga har qaysisidan beshtadan bering.

Dehqon shivit, shavel, petrushka, piyozdan beshta-beshta olib, endi menga uzataman deganda, bir ayol kelib, uning sumkalariga yopishdi.

- Hammasi sotilgan. Men oldim hammasini.

Bunday holga ko‘p duch kelgan bo‘lsa kerak, dehqon ayolga e’tibor bermay, menga ko‘katlarni uzatdi. Bergan pulimni olib, cho‘ntagiga solgandan so‘ng to‘rtta sumkani changallab olgan ayolga qaradi.

- Qanchadan sotyapsiz?  - dedi ayol deyarli shang‘illab.

- 300 so‘mdan.

- Ko‘tarasiga 200 so‘mdan beraman.

- Bo‘lmaydi.

- 250 so‘mdan.

- …

- Bo‘pti. Ko‘taring sumkalarni. Ortimdan yuring…

Men shunda bu ayolni qayerda ko‘rganimni esladim. U har yakshanba kuni men savdolashadigan ko‘kat sotuvchi ayol edi. Demak, har boylami bilakcha keladigan ko‘katlarni ikkiga, uchga bo‘lib, donasini bir yarim ming so‘mdan bizga pullaydigan chayqovchi. Mendan uzoqlashayotgan haligi ayolga tikilib, ming so‘mdan bering, deb savdolashganimda, o‘zi 1400 dan olganman, deb har gal bizlarni laqillatgani ko‘z o‘ngimdan o‘tarkan, bir boylam ko‘katdan u qancha foyda olishini o‘yladim. 300 so‘mdan olgan taqdirda ham 3000 so‘mga sotsa, ustamasi ming foizni tashkil etadi. Shunda miyamga qiziq bir fikr keldi: bu ayol “Mahsulot narxiga eng ko‘p ustama qo‘ygan noinsof”, degan nom bilan bemalol “Ginnesning rekordlar kitobi»ga kirishi mumkin.

Xurshid NURULLAYeV.