Ibn Sino izdoshi
Moskvadan maktub
Tibbiyot sohasidagi taniqli olim, mohir xirurg Azamat Muhitdinovich 80 yoshga to‘libdi. Bu oddiy umr emas. Ana shu yillarda qishloqda o‘sib-ulg‘aygan ishtiyoqli yigitning, tibbiyotga umrini bag‘ishlagan, Markaziy Osiyoda bolalar xirurgiyasi yetakchisiga aylangan, bu sohada mukammal maktab yaratgan shifokorning, ilmda esa yuqori cho‘qqilarga erishgan fidoyi olimning hayoti mujassam.
Men Azamat Muhitdinovichni juda uzoq yillardan beri yaxshi taniyman. Ittifoq Meditsina fanlar akademiyasi Pediatriya ilmiy tadqiqot institutida doktorlik ishini muvaffaqiyatli yoqlaganida unga mehr qo‘yganman. Chunki uning kelgusida sohamizda taniqli olim va mohir bolalar xirurgi bo‘lishiga ishongan edim. Men Azamat Muhitdinovichning g‘ayrati, shijoatidan hamisha hayratlanib kelganman, bugun ham hayratdaman. Azamat Muhitdinovichdek inson bilan do‘st bo‘lganimdan faxrlanaman.
Komil ishonch bilan ayta olamanki, Samarqandda tibbiyot institutining bolalar xirurgiyasi ko‘p tarmoqli, ixtisoslashgan klinikasining yuzaga kelishi ana shu jonkuyar insonning sa’y-harakatlari bilan bog‘liq. 1985 yilda A.Shamsiyev Samarqand tibbiyot instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasini tashkil etganidan keyin juda katta orzular bilan ana shu ishga kirishdi. Bolalar xirurgiyasi tibbiyotning eng qiyin va muhim sohalaridan biri. Shu sababli Samarqandda bundan 40 yil avval Shamsiyev tashkil qilgan bolalar xirurgiyasi ilmiy markazining ochilishi mamlakat miqyosida katta voqea bo‘lgan edi. Lekin bu ish oson kechmaganidan xabarim bor. Barcha byurokratik to‘siqlarni yengib, shogirdlarni bu savobli ishga jalb qilgan bolalar xirurgi murakkab operasiyalar bilan hamkasblarni ham hayratga soldi.
Rahbarning yelib-yugurishi tufayli bolalar xirurgiyasi ilmiy markazida 200 o‘rinli zamonaviy shifo maskani barpo etilib, eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Shu davrda sobiq Ittifoqda yagona bo‘lgan Samarqand bolalar xirurgiyasi ilmiy markazi O‘zbekistongina emas, balki qo‘shni mamlakatlarga ham malakali mutaxassis tayyorlaydigan ilmiy-amaliy markazga aylandi.
Professor A.Shamsiyev 1990 yilda Samarqandda birinchi bo‘lib murakkab yurak operasiyasini amalga oshirdi va shu paytga qadar bu amaliyot 200 dan ortiq bolalarda muvaffaqiyatli bajarildi. Shuningdek, uning bevosita rahbarligida juda ko‘p murakkab xirurgik muolajalarning amaliyotga tatbiq etilishi bolalar xirurgiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Esimda, bunday muvaffaqiyatlar o‘sha vaqtda mamlakat bo‘yicha turli tadbirlarda e’tirof etilardi. Qolaversa, o‘zim ham Samarqandda bo‘lib, ko‘plab taniqli hamkasblarim qatorida ana shu xirurgik amaliyotlarga guvoh bo‘lganman.
1991 yilda Azamat Muhitdinovichning tashabbusi bilan Samarqand bolalar xirurgiyasi ilmiy markazida bolalar xirurglarining Butunittifoq simpoziumi va talabalarning ilmiy konferensiyasi o‘tkazildi. Bu voqea Markaziy Osiyo mintaqasida tarixiy ahamiyatga ega edi. Ushbu tadbirda taniqli akademiklar E.Stepanov, K.Ormantayev, A.Pulatovlar va boshqa olimlarning ishtirok etishi uning nufuzini yana ham oshirdi.
Professor A.Shamsiyev Samarqand davlat tibbiyot institutiga 16 yil davomida rektorlik qildi. Rektorning tashabbusi hamda bevosita ishtirokida institutda 2013 yilda xalqaro ta’lim standartlariga mos ravishda kredit-modul tizimi joriy etildi. Bu tajriba davlat rahbari tomonidan yuqori baholanib, 2020 yildan e’tiboran, bu tizim mamlakatning barcha oliy o‘quv yurtlarida joriy etila boshlandi. Bundan tashqari, o‘quv jarayoniga ikki bosqichdan iborat integrallashgan litsenzion test imtihonlari joriy etildi, ya’ni talabalar birinchi bosqichda, 3-kurs yakunida fundamental fanlardan, ikkinchi bosqichda, 6-kursni tugatgandan keyin davlat imtihonlari oldidan klinik fanlardan bilimlarini test sinovidan o‘tkazish kiritildi.
A.Shamsiyevning meditsina oliy o‘quv yurtlarida o‘qish muddatini yetti yildan olti yilga qisqartirish tashabbusi rektorning muhim yutuqlaridan yana biri bo‘ldi. Tashabbus davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2017 yildan e’tiboran respublika tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tatbiq etildi.
Professor A.Shamsiyevning O‘zbekiston tibbiyotiga qo‘shgan yana bir hissasi borki, buni e’tirof etishimiz shart. 2018-2020 yillarda uning tashabbusi va bevosita rahbarligida Samarqand meditsina institutining 800 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurib bitkazildi. Ushbu o‘ziga xos o‘quv binosining me’moriy qiyofasini yaratishda Irlandiyadagi 1592 yilda qirolicha Yelizaveta I asos solgan Dublin universitetining mumtoz shakliga tayanildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qurilgan bu noyob bino Samarqand ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi va vrachlarning yangi avlodini tayyorlashga intilish ramzi bo‘ldi.
Samarqand tibbiyot instituti dunyodagi 60 dan ziyod ilg‘or oliygohlar bilan munosabatlarni ham yo‘lga qo‘ya oldi. Va, bugungi kunda ham bu munosabatlar doirasida juda ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Azamat Muhitdinovichni tinib-tinchimas, har bir ishni oxirigacha yetkaza oladigan, o‘z kasbi uchun jiddiy kurashadigan olim sifatida hurmat qilaman. Jumladan, u rektorlik davrida ham klinik va ilmiy ishlarni to‘xtatib qo‘ygan emas. Uning rahbarligida hozirgacha 40 nafardan ziyod fan doktorlari va nomzodlari o‘z tadqiqotlarini himoya qildilar. Tinib-tinchimas olim mingdan ziyod ilmiy ishlar, 12 darslik, 35 ta monografiya hamda 70 dan ortiq ixtiroga patentlar muallifi hamdir. Umuman, bu hamkasbimning tibbiyot bo‘yicha ta’limga qo‘shgan hissasi juda katta. 2000 yilda A.Shamsiyevning professor A.Sulaymonov bilan hammualliflikda o‘zbek tilida birinchi marta “Bolalar xirurgiyasi” darsligi, 2025 yilda uning tahriri ostida akademiklar Yu.Isakov va A.Razumovskiyning “Bolalar xirurgiyasi” darsligi o‘zbek tilida chop etildi. Bu nashrlar O‘zbekistonda meditsina ta’limining rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi va bolalar xirurgiyasi sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatining oshishiga olib keldi.
Azamat Muhitdinovich tug‘ma olim va tug‘ma shifokordir. Deyarli har kuni uning sohamizdagi yangiliklarni kuzatishi, o‘rganishi, ulardan ibrat olishidan xabardorman. Bolalar xirurgiyasining ko‘plab muammolari yuzasidan bahslarda, konferensiyalarda, amaliy seminarlarda birga qatnashganmiz. Binobarin, 1996 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limi tibbiyot bo‘linmasini boshqargan davrda akademik E.Irgashev bilan birgalikda «Tibbiyot va biologiya muammolari» ilmiy jurnaliga asos soldi va uzoq yillar unga rahbarlik qildi. Bundan tashqari, Rossiyada chiqadigan «Detskaya xirurgiya» va «Vestnik detskoy xirurgii, anesteziologii i reanimatologii» kabi o‘ndan ortiq ilmiy jurnallar tahririyati a’zosi. O‘zining dolzarb mavzudagi maqolalari, tajribalari, takliflari bilan muntazam chiqish qilib turadi.
Professor A.Shamsiyev nafaqat O‘zbekiston va Rossiyada, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etiladigan olim. Misol uchun, u Nyu-York Fanlar akademiyasi, Yevropa (EUPSA), Rossiya (RADX) bolalar jarrohlari assotsiatsiyalari, Osiyo (ELSA) laparoskopik jarrohlar assotsiasiyasi, Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash qirollik assotsiasiyasi faxriy a’zosi, Rossiya medik-texnik akademiyasi va xirurglar jamiyatining haqiqiy a’zosi. Shu bilan birga, u dunyodagi bir qator ilg‘or oliy o‘quv yurtlari hamda ilmiy uyushmalarning, xususan, Grats (Avstriya) tibbiyot universiteti, Ijevsk tibbiyot akademiyasi va Boshqirdiston davlat tibbiyot universitetlarining faxriy professori va akademigidir.
Albatta, samarali mehnat, fidoyilik ila sug‘orilgan faoliyat e’tibordan chetda qolmaydi. Bolalar xirurgiyasi yo‘nalishida mehnat qiladigan juda ko‘p hamkasblarimiz Azamat Muhitdinovichni nafaqat tinib-tinchimas olim, balki tibbiyotning jonkuyari, ustoz sifatida e’zozlashadi. Darvoqe, 2010 yilda Shamsiyev akademik A.Vishnevskiy nomidagi oltin medal bilan taqdirlangandi. 2014 yilda u ilmiy tadqiqotlardagi yutuqlari uchun professor V.Nemsadze nomidagi va 2024 yil professor A.Kisel nomidagi mukofotlar laureati bo‘lgandi. Komil ishonch bilan ayta olamanki, professor A.Shamsiyevning nomi bugungi kunda tibbiyotda, xususan, bolalar xirurgiyasida e’tirof etilgan va tan olingan S.Ternovskiy, Yu.Isakov, S.Doletskiy, G.Bairov, E.Stepanov, A.Lyonushkin, N.Kuщ, V.Derjavin, A.Pugachyov, V.Rozinov, A.Razumovskiy, A.Pulatov, K.Ormantayev kabilar qatorida qadrlanadi. Xususan, o‘zim bu insonning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda bolalar xirurgiyasining chinakam bayroqdori ekanligi bilan faxrlanaman.
Azamat Muhitdinovich o‘qib toliqmaydigan, ishlab charchamaydigan, kasbiga hurmati tugamaydigan inson. Ehtimol shuning uchundir u doimo hamkasblari va shogirdlari qurshovida. Binobarin, shogirdlari ham o‘zi kabi doimo mehnat bilan band. Ta’limini olayotgan talabalar esa ayni paytda turli ilmiy, ijodiy tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Bunday yutuqlar, tabiiyki, olimga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
A.Shamsiyevning sog‘liqni saqlash va oliy ta’lim rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi davlatning yuksak mukofotlari – «Sog‘lom avlod uchun» (1998) va «Do‘stlik» (2024) ordenlari, «SSSR sog‘liqni saqlash a’lochisi» (1990) nishoni, birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni va yubiley medallari bilan munosib taqdirlangan. Ammo uning uchun eng yuksak mukofot – hayoti saqlab qolingan minglab jajji bolalarning shodon tabassumi.
Samarqand Yer sayyorasidagi men sevgan yagona shahar. Do‘stim Azamat Muhitdinovichga ana shunday go‘zal shaharda uzoq yashab, yana yangi-yangi muvaffaqiyatlarga erishishini tilayman!
Qadrli do‘stim va hamkasbimga doimo elning duolari yog‘ilib turishini istayman.
Leonid ROShAL,
Rossiya Federasiyasi Mehnat Qahramoni, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti eksperti, Falokatlar va urushlardagi bolalarga yordam berish xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi.