Hayotimizni o‘zgartirgan 36 soat

36 soatlik dars kishiga nima berishi mumkin? Bilim, tajriba, saboq, yangi kasb-hunar... Va bu ro‘yxatni shu taxlit davom ettirish mumkin. Ammo bor-yo‘g‘i 36 soatlik mashg‘ulotlar hayotingizni o‘zgartirib yuborishiga ishonasizmi? Men ham avvaliga ishonmagandim, toki ular bilan jonli muloqotda bo‘lmagunimcha.
Paxtachi tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi Dilnavoz Mirzayorova bundan bir necha yil avval ko‘makka muhtoj, chetdan kimdir kelib, ahvolini so‘rasa, “hammasi yaxshi” deya iymanibgina javob beradigan ayol edi. Vaholanki, ko‘rinishiyu yashash sharoitiga qarab hammasi yaxshi, deb bo‘lmasdi. Mahalla faollari unga allaqanday markazdan tadbirkorlar kelib, kasb-hunarga o‘rgatishini aytganda, Dilnavoz darrov rozi bo‘ldi. O‘zi qo‘ni-qo‘shnining ko‘rpa-ko‘rpachalarini qavib berardi. Markaz xodimlari buni bilgach, uning shu yo‘nalishdagi ko‘nikmalarini oshirishga e’tibor qaratdilar. Shuning barobarida ishini unga o‘xshab faqat qiziqishdan boshlagan ayollar o‘z hikoyalarini gapirib berdilar. Ana shu hikoyalar Dilnavozga turtki bo‘ldi. 36 soatlik darslardan so‘ng endi faqatgina odamlarning ko‘rpachalarini qavib berishni emas, balki yangi matolardan, ro‘zg‘orga kerakli anjomlar tikib sota boshladi. Dilnavoz kabi xotin-qizlar bir emas, minglab nafarga yetdi bugun. Qanday deysizmi?
- 2019-yil mamlakatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi ta’sischiligida “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” tuzilib, avgust oyidan o‘z faoliyatini boshladi, - deydi viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Sayyora Salimova ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. - Asosiy maqsad-tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berib, ularga turli yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar o‘tishdan iborat. O‘quv yakunida xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar olish uchun markaz tomonidan sertifikatlar beriladi. Markaz 2020 yilda 2891 nafar xotin-qizni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitgan bo‘lsa, joriy yilning 8 oyi davomida 5012 nafar xotin-qiz o‘qitildi. 2805 nafarining bandligi ta’minlanib, ulardan 282 nafari tadbirkorlik ishini ochgan.
30 ta yangi oilaviy tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida “Ayollar innovatsiyasi” tanlovi o‘tkazilib, 15 ta g‘olib loyiha amalga oshirildi. Tikuvchilik, oziq-ovqat ishlab chiqarish va hunarmandchilik sohalarida ko‘plab yangi korxonalar faoliyat boshladi.
1000 nafar xotin-qiz axborot texnologiyalari, marketing va onlayn savdo sohalarida qayta tayyorlovdan o‘tdi. Kam ta’minlangan va ishsiz xotin-qizlar uchun ustoz-shogird dasturi asosida 200 ta ish o‘rni tashkil etildi.
Matbuot anjumanida shuningdek, markazda o‘qib, ish boshlagan va ayni kunlarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor xotin-qizlar o‘z faoliyatlari haqida gapirib berdi.
Gulruh MO‘MINOVA.