800 ming so‘m pora olgan «texnadzor» 3 yilga qamaldi
Bakir Muzaffarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Urgut tuman bo‘limida katta inspektor bo‘lib ishlardi. Ishi, maoshi, obro‘si yaxshi edi. Ammo nafs balosi uni panjara ortiga yetakladi.
Sudda isbotini topgan dalillarga ko‘ra, voqea shunday kechadi: traktorchi Malik Nosirov qishloq xo‘jalik texnikalarini boshqarish uchun guvohnoma olish maqsadida Urgut tumanida «texnadzor» bo‘lib ishlayotgan Bakirga uchrashib, muddaosini aytadi. Bakir unga guvohnomani olish uchun 3 oy o‘quv kurslarda o‘qish lozimligini, lekin u xarajatni ko‘tarsa, o‘qimasdan guvohnoma olishi mumkinligini bildiradi.
- Xarajati qancha bo‘ladi? – deb so‘raydi Malik.
- Ot bilan tuya bo‘larmidi? Atigi 800 ming so‘m, - deydi Bakir.
Malik bunga rozi bo‘lgach, Bakir unga 3x4 hajmdagi 2 dona rasm, pasportining nusxasi va 083-raqamli tibbiyot muassasasidan ma’lumotnoma va kelishilgan pulni olib kelsa, tez kunda tayyorlab berishligini bildiradi. Malik ertasi kuniyoq pul va hujjatlarni keltiradi. Bakir esa o‘n kunda uning «ishi»ni hal qilib berishga va’da qilib, inspeksiyaning Urgut tuman bo‘limiga to‘lanishi lozim bo‘lgan 152 ming so‘mni bank kassasiga kirim qilib, qolgan pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatadi. M.Nosirovga esa go‘yoki Samarqand o‘quv kurslari davlat muassasasida o‘qiganligi haqidagi soxta guvohnoma va soxta imtihon yakunlari bo‘yicha komissiya dalolatnomasini ko‘rsatib, shu asosda olingan «Qishloq xo‘jalik texnikalarini boshqarish uchun guvohnoma»ni beradi.
Bundan xursand bo‘lgan M.Nosirov xuddi shu guvohnomadan jiyaniga ham tayyorlab berishni iltimos qiladi.
- Gap bo‘lishi mumkin emas. O‘sha kelishuv: 800 ming so‘m pul, jiyaningizning zarur hujjatlari… - deydi Bakir.
Shundan keyin Malikning xayoliga bu shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yish zarurligi keladi. Uni fosh etishda yordam berishlarini so‘rab, huquqni muhofaza qilish idoralariga ariza bilan murojaat qiladi. Ular ko‘magida Bakir daliliy ashyolar bilan qo‘lga tushadi…
Sudda B.Muzaffarov qilgan jinoyatini tan olib, o‘z qilmishidan pushaymon ekanligini bildirdi. Ammo jinoyat jazosiz qolmaydi. Sud uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1-qismi va 210-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Yana bir yomon tomoni, jamoasi, mahallasi, qo‘ni-qo‘shnilari, yaqinlari, farzandlari oldida yuzi shuvut bo‘ldi.
Mana sizga nafs balosiga giriftor bo‘lishning, qonunga amal qilmaslikning oqibati.
Akmal Ahmadov,
jinot ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi sudyasi.