92 yoshli Begmat boboning salomatligi tiklandi

Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamoatchilik nazorati guruhining 2-ishchi guruhi a’zolari ayni paytda Payariq tumanining Nakurt mahalla fuqarolar yig‘inidagi Botmon qishlog‘ida aholi xonadonlarida bo‘lib, ularning yashash tarzi va muammolarini o‘rganmoqda.

Guruh a’zolari qishloqda yashovchi 92 yoshli Begmat bobo Rustamov xonadonida bo‘ldi. Aniqlanishicha, B.Rustamovning keyingi kunlarda salomatligi yomonlashgan. Shu bois «103» tez yordam xizmatini chaqirishga to‘g‘ri keldi. O‘n besh daqiqada yetib kelgan tez yordam tibbiy xizmati xodimlari boboning qon bosimi oshgani, falajlik, qulog‘i yaxshi eshitmaslik va ko‘zi yaxshi ko‘rmasligi bo‘yicha tashxis qo‘ydi va zarur davolash ishlarini amalga oshirdi.

Bobo bilan suhbatlashganimizda uning uyiga «Tez yordam» qachon kelganini eslolmadi.

 Jamoatchilik nazorati yordamida shifokorlar kelib, otaxonni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, kerakli muolajalarni qilgach, Begmat bobo ancha tetiklashdi va barchaga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.