Adabiyotning kechagisi, bugungisi bo‘lmaydi

U hamma vaqt ham odamlarga tiriklik mag‘zini tottiruvchi, ko‘rsatuvchi, o‘rgatuvchi bo‘lib xizmat qilishi lozim.

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida kutubxonada bo‘lgan adabiy muloqotda ana shu aqidalar mohiyati xususida gap ketdi. Aniqrog‘i, bu yerga tashrif buyurgan adabiyot ixlosmandlari, havaskor ijodkorlar va talabalarga chinakam mahorat darsi o‘tildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi va Sharof Rashidov nomidagi SamDU filologiya fakulteti uyushtirgan tadbir doirasida  Samarqand adabiy muhitida shakllangan olim va yozuvchi Ilhom Hasan xotirasiga bag‘ishlangan "Tun tongga tutash" kitobi taqdimoti, yozuvchi Bahodir Qobul bilan muloqot o‘tkazildi.

-  Ilhomning, Bahodirning yutug‘i shundaki, ular ijodni iqtidorgina emas, hayot ehtiyoji sifatida qabul qilishdi, - dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farmon Toshev. - Ular yozish uchun, eng avvalo, adabiyotimizni, xorij adabiyotini o‘qishdi, ustozlari oldiga o‘z qoralamalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etishdan tiyilishdi, boshqalarga, do‘stlariga ko‘rsatib olishdi. Ustozlari ko‘rsatmalariga, maslahatlariga quloq solishdi, ularning yurish-turishidan ibrat olishdi. Vaholanki, bugun yoshlarimizga aynan ana shu odat yetishmayapti. Shu sababli ham Ilhom Hasan va Bahodir Qobul faoliyati, ularning asarlari hozirgi avlod uchun saboq bo‘lmog‘i lozim.

So‘zga chiqqan olim va ijodkorlar bu hayot haqiqatini aniq misollar orqali isbotlab berishdi. Xususan, Ilhom Hasan adabiy qahramonlari o‘z davri voqeligi, atrofdagi o‘zgarishlar haqida jiddiy mulohaza yuritishi, muallif o‘zi yaratgan obrazlar orqali jamiyatga salmoqli mulohazalar tashlagani aytib o‘tildi.

Professorlar Jo‘liboy Eltazarov, Azmiddin Nosirov, Usmon Qobilov, Shavkat Hasanov, dotsent Mardon Boltayev, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Akram Toshpo‘latov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugal, shoira Ra’no Odilova Ilhom Hasan va Bahodir Qobul asarlaridagi milliylik, voqealarga teran munosabat, badiiy til vositalaridan foydalanish mahorati haqida so‘z yuritdilar.

Talabalar Ilhom Hasanning "Biri kam dunyo" dramasidan parcha ijro etishdi, shuningdek qizg‘in mushoira bo‘ldi. Savol-javoblar jarayonida esa adabiyot, adib mas’uliyati, kitobxonlik ishtiyoqi xususida mulohazalar bildirildi. Faol yoshlarga badiiy asarlar tuhfa etildi.