Afg‘oniston delegatsiyasi Samarqandga keldi
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Afg‘onistonning Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov kutib oldi.
Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Republikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismat Irgashev hamrohligida Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
Jumladan, ayni paytda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif chog‘ida buyuk muhaddis haqiga Qur’on tilovat qilindi. Mehmonlarga majmuada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘n ming kishilik yangi masjid-majmuada ziyoratchilar uchun yaratiladigan sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng Amirxon Muttaqiy O‘rta Osiyodagi ilk masjid deb qaraladigan Hazrati Xizr masjidi, shuningdek, Xo‘ja Doniyor va Amir Temur maqbaralarini ziyorat qildi. Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasida ulug‘ ajdodlarimiz aql-zakovati mahsuli bo‘lgan tarixiy ashyolar va rasadxonani tomosha qildi.
Alisher Isroilov.