“AGRO PRO EXPO-2025”: Osiyo va Yevropaning 88 korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish etadi

Shu yilning 25-27 fevral kunlari Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida agrar sohadagi mahalliy va xorijiy ishlab chiqarish korxonalarining 4-Xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Ko‘rgazma oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida tadbirning ahamiyati, uning afzalliklari, ishtirokchilar geografiyasi borasida ma’lumot berildi.

-  Aholimizning 74 foizi qishloqlarda yashaydi, qolaversa, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning asosiy tarmog‘i bo‘lib qolmoqda, - deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. – Qishloq xo‘jaligi tarmog‘i kun sayin yangilanib, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy ishlanmalar bilan boyib bormoqda. Bu kabi yangiliklardan xabardor bo‘lish va sohaga joriy etishning samarali usuli ko‘rgazmalar hisoblanadi. Shu bois ko‘rgazmalarga yil sayin talab ortib bormoqda. Masalan, 2024 yilda o‘tkazilgan ko‘rgazmada 80 ta korxona o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi, 4500 mingdan ortiq professional va top-menejer tashrif buyurib, 15 dan ortiq trening va seminar o‘tkazdi.

Joriy yilda esa respublikamiz tadbirkorlari bilan birga Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Belarus, Turkiya, Eron, Niderlandiya, Germaniya, Vengriya davlatlarining 88 ta korxonasi ko‘rgazmada ishtirok etish istagini bildirdi. Ushbu korxonalardan 60 tasi avval ham mazkur ko‘rgazmada qatnashib, manfaatdor bo‘lgan va qolgan korxonalar yangi hamkorlar topish, shartnomalar imzolash va sohadagi yangiliklardan xabardor bo‘lish istagini bildirgan.

O‘ktam Xudoyberdiyev.