Aholi tomorqa va ijara yerlaridan qanday foydalanmoqda?

Samarqandda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida respublika ko‘rgazmali seminari boshlandi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, sharoiti og‘ir 71 ta tuman hokimlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bankning hududiy boshqarmalari boshliqlari, har bir hududdan 10 nafardan og‘ir ahvoldagi 1024 ta mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan hokim yordamchilari va OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Seminar ishtirokchilari dastlab davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida Samarqand tumani Sho‘rboyicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzi mahsulotini yetishtirish, ichki bozorga yetkazib berish va eksportga chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar.