Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, shoshilinch tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish hisobiga fuqarolar hayotini saqlab qolish va ularning faol mehnat qobiliyatini tiklashga imkoniyat yaratish, bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash hamda nefrologiya va gemodializ yordamini ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash maqsadida:
1. 2021-2022 yillar davomida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 35 ta Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari (keyingi o‘rinlarda – Markazlar) 1-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“oltin soat” tamoyili asosida qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish;
o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlarga gemodializ xizmatini ko‘rsatish;
Markazlarga biriktirilgan tuman (shahar)lar aholisiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibda tibbiy xizmat ko‘rsatish.
3. Belgilansinki, Markazlarga:
hududlardagi aholi sonidan kelib chiqqan holda, shoshilinch tibbiy yordam va umumiy jarrohlik bo‘limlarining umumiy o‘rinlari soni doirasida 50 tadan 60 tagacha o‘rinlar ajratiladi;
hududiy sog‘liqni saqlash muassasalari shtat birliklari doirasida qo‘shimcha neyroxirurg, nevrolog, kardiolog, anesteziolog-reanimatolog va boshqa shtatlar kiritiladi;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan qoidalar tatbiq etiladi.
Markazlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar mahalliy byudjetlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Sog‘liqni saqlash vazirligi (U.Sobirov) Moliya vazirligi (J.Abruyev) bilan birgalikda Markazlarning tashkil etilishi munosabati bilan talab etiladigan qo‘shimcha shtat birliklari hamda ularga zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Markazlarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq moliyaviy, moddiy-texnik va boshqa tashkiliy masalalarni o‘z vaqtida hal qilish choralarini ko‘rsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4887-son qaroriga muvofiq:
6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni “A” vitamini bilan;
2-10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan;
homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3-15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan;
35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollarni temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlash nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2021-2023 yillarda bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aholiga ko‘rsatilayotgan nefrologiya va gemodializ yordamini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
hududlarning umumiy o‘rinlar fondi hisobidan nefrologiya va gemodializ bo‘limlarini 50 o‘ringacha yetkazish;
dializ apparatlari va sarflash vositalarini xarid qilish;
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy tibbiyot ta’lim muassasalarida nefrologiya va gemodializ kafedralari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binolarini qurish va rekonstruksiya qilish.
8. Sog‘liqni saqlash vazirligi:
o‘n kun muddatda bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarning profilaktik maxsus preparatlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash va ushbu preparatlarni taqsimlash hamda yetkazish tartibini tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan:
sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev zimmasiga – ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil etish uchun;
sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari A.Sh.Inoyatovga gemodializ xizmatini yuqori darajada ko‘rsatish, U.Yu.Sobirovga Markazlar faoliyatini samarali tashkil etish, E.I.Basitxanovaga bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan ta’minlash uchun;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning hududlarda sifatli ijro etilishi uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
Qarorning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N. To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV
Toshkent shahri,
2021 yil 26 iyul