Aholining ijtimoiy zaif qatlamiga kimlar kiradi?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Otabek Hojiniyazov «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi Qonun loyihasiga izoh berdi.
Qonun loyihasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda yoki mehnat bozorida ish topishda qiyinchilikka duchor bo‘layotgan yoxud o‘zgalarning ko‘magiga muhtoj shaxslar ijtimoiy zaif qatlam hisoblanadi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, ushbu qatlamga quyidagilar kiradi:
— I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron bolalar;
— yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
— ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar (sil, onkologik, psixiatrik, narkologik, endokrinologik, infeksion, tanosil kasalligi, OITS, moxov va kasb kasalligi)ga chalingan shaxslar;
— qaramog‘ida 16 yoshga to‘lmagan yoki nogironligi bo‘lgan bolalari bo‘lgan yolg‘iz shaxslar;
— o‘qishni tugatgandan keyin 3 yildan oshmagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari;
— «Mehribonlik» uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari;
— jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar;
— o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
— muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslar.