Samarqanddagi kam ta’minlangan oilalar farzandlari Koreya Respublikasida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)da kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun test sinovlari o‘tkazildi.
Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi «O‘zbekiston – 2030 strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni bilan qabul qilingan Davlat dasturiga muvofiq tashkil etildi. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri 2026 yilgacha yoshlarga talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni o‘rgatish orqali kambag‘allik darajasini 2 barobarga kamaytirishdan iborat.
Strategiyani amalga oshirish maqsadida dunyoning turli xalqaro maktablari O‘zbekistondagi o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilariga xorijda o‘qish imkoniyatini yaratmoqdalar. Jumladan, Janubiy Koreyada tashkil etilgan “Gimcheon High School” maktabi butun dunyo bo‘ylab zamonaviy malakali mutaxassislarni yetkazib beradi. Bu o‘rta maktab kambag‘alligi tufayli bilim olish salohiyati cheklangan o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari uchun Koreya Respublikasida stipendiya olib o‘qish imkoniyatini taqdim etadigan gumanitar loyihani amalga oshirmoqda.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Samarqand viloyatida birinchilardan bo‘lib mazkur ijtimoiy loyihani amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Oliygoh tomonidan kam ta’minlangan oilalar yoshlariga ushbu grantni olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shu yilning 13 may kuni “Gimcheon High School” va SIUT o‘rtasida 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasidagi ijtimoiy loyihani amalga oshirish boshlanishini belgilovchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Testlar Toshkent shahridagi M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali psixologiya kafedrasi professori B.Qodirovning metodlaridan foydalangan holda AQSh, Xitoy, Koreya Respublikasi, Kanada, Rossiya, Hindiston, Kamerun va boshqa davlatlardan kelgan xorijlik SIUT professor-o‘qituvchilarining nazorati ostida o‘tkazildi.
Maktabdagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda 4-5 nafar o‘quvchi tanlab olinadi va ularga koreys tili, ingliz tili va matematika fanlaridan ko‘p qirrali intensiv ta’lim beriladi. SIUT va KITCda tahsil olib, a’lo baholarga o‘qigan barcha o‘quvchilar “Gimcheon High School”ga tavsiya etiladi, “Gimcheon High School”ga esa ular orasidan o‘qish va o‘zlashtirish natijalariga asosan faqat 3 nafari qabul qilinadi.
Ular SIUT Vasiylik kengashi raisining maxsus granti evaziga 6 oy davomida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida koreys, ingliz va matematika tillarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tanlab olingan uch nafar o‘quvchiga “Gimcheon High School” tomonidan stipendiya beriladi, ularning o‘qishi, turar joyi, Koreyaga sayohati (Koreyaga borish chiptasi), darsliklar bilan ta’minlanishi kafolatlanadi. Shuningdek, ularga Koreya maktabini tugatganlariga qadar uch yil davomida yashash xarajatlari uchun qo‘shimcha moliyaviy yordamlar ko‘rsatiladi. Maktabni tamomlagan o‘quvchilarga diplom beriladi, mazkur diplomga asosan ular nafaqat Koreya va O‘zbekistondagi, balki dunyodagi taraqqiy etgan davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida o‘qish huquqini rasman qo‘lga kiritadilar.