Ajdodlar ilmiy merosi: asrash — burch, davom ettirish — mas’uliyat
Dunyoda kuzatilayotgan siyosiy beqarorliklar, etnik va diniy ziddiyatlar sharoitida ilm-ma’rifatga tayanish, xalqlarning tarixiy xotirasi va milliy merosini asrab, rivojlantirishga ehtiyoj yanada ortmoqda.
Zero, ajdodlar qoldirgan boy ilmiy va ma’naviy tajriba nafaqat o‘tmishni anglash, balki bugungi murakkab jarayonlarga teran nigoh bilan qarash, jamiyatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlash uchun muhim manba hisoblanadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda ham tegishli yo‘nalishdagi ishlar mustahkam huquqiy asoslar va aniq tashkiliy mexanizmlar bilan boyib, izchil tizimli tus olmoqda. Xususan, 2025 yil 25 fevralda qabul qilingan Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” tasdiqlandi. Unda buyuk mutafakkir va olimlarning diniy-falsafiy merosi, tarixiy asarlar hamda qo‘lyozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, dinshunoslik sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Xususan, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan davlat siyosatning muhim amaliy ifodalaridan biri Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida namoyon bo‘lmoqda. Qariyb 10 gektar hududni egallagan markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston zaminidagi islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston davriga oid tarixiy jarayonlar qamrab olindi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Markaz fondidagi qadimiy manbalar soni 2025 yilning o‘zidayoq 2 mingdan oshdi, nodir Qur’on qo‘lyozmalari esa 60 tadan ziyodga yetdi. Shuningdek, xorijiy auksionlar, kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik natijasida 743 ta eksponatning asl nusxalari O‘zbekistonga olib kelindi.
Bunday boy manbalarning bir joyda jamlanishi tadqiqotchilarimiz uchun nafaqat keng moddiy bazani shakllantirdi, balki turli davrlarga oid tarixiy jarayonlarni o‘zaro qiyoslash, ilmiy qarashlar va ma’rifiy an’analarning rivojlanish bosqichlarini aniqlash, shuningdek, mintaqamiz sivilizatsiyasi taraqqiyotini yaxlit va tizimli tahlil qilish imkonini kengaytirdi.
Albatta, har qanday soha rivoji undagi mutaxassislar salohiyati bilan uzviy bog‘liq. Shu sababli Prezidentning PF-68-son Farmoni bilan dinshunoslik yo‘nalishida malakali mutaxassislar tayyorlash borasida ham muhim institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi sifatida qayta nomlanib, islomshunoslik hamda dinshunoslik sohalarida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2025/2026 o‘quv yilidan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida dual ta’lim tizimi joriy etildi. “4+2” modeliga muvofiq, talabalar nazariy ta’limning asosiy qismini ta’lim muassasasida olib, haftaning ikki kunida amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yildi. Bitiruvchi kurs talabalarini amaliyot davrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlariga biriktirish orqali ularning bilimini amaliyotga, real hayotga tadbiq etish vazifalari belgilandi.
Bu mexanizmning prinsipial ahamiyati shundaki, endi dinshunoslik va islomshunoslik sohasidagi ta’lim ilmiy nazariya bilan cheklanib qolmay, amaliy institutlar, tahlil markazlari va davlat boshqaruvi bilan bog‘landi. Ya’ni, zamonaviy mutaxassisdan bugun nafaqat tarixiy va diniy manbalarni bilish, balki ularni zamonaviy ijtimoiy jarayonlar bilan bog‘lay olish, tahlil qilish va ilmiy xulosa chiqarish ko‘nikmalarga ega bo‘lish ham talab etilmoqda.
2018 yilda asos solingan Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi ham sohani ana shunday malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan ilm dargohlaridan biri hisoblanadi. Maktabda ta’lim muddati besh yil bo‘lib, unga mamlakatimizdagi o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari imtihon asosida qabul qilinadi.
Muassasa yoshlarga hadis ilmi, diniy fanlar mutaxassisligi va arab tili o‘qituvchiligi yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslikni egallash imkonini beradi.
E’tiborlisi, bugun mazkur muassasa talabalari ham Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida o‘quv amaliyotini o‘tab, ilmiy-tadqiqot jarayoni bilan bevosita tanishishmoqda. Jarayonda ular hadislarning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, diniy-falsafiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda.
Xulosa qilib aytganda, ajdodlarimiz diniy-ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uning asl mazmun-mohiyatini jamiyatga yetkazishga qaratilgan ishlar zamonaviy O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yondashuv Konsepsiyada belgilangan fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini izchil ro‘yobga chiqarish va jamiyatda konfessiyalararo munosabatlarni yanada mustahkamlash vazifalari bilan uzviy bog‘liq.
Shu ma’noda, ajdodlar merosini ilmiy asosda o‘rganish nafaqat tarixiy haqiqatni anglash, balki diniy sohada sog‘lom ma’rifiy muhitni qaror toptirish va turli e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim omildir.
Asqar Barotov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi eksperti.