Akobir Shomansurov nega otib ketilgan?
O‘tgan asrning 15-20 yillari nafaqat tariximiz, balki jurnalistika, adabiyot, ma’rifat uchun ham murakkab davr hisoblanadi. Samarqand shahrida tug‘ilib, Buxoro va Samarqandda ishlagan, ijod qilgan Akobir Shomansurov ana shu qiyin va murakkab davrda yashab, jurnalist, muharrir, noshir sifatida nom qozongan.
1913 yil aprel oyida Mahmudxo‘ja Behbudiy “Samarqand” gazetasini chiqara boshlaganida Akobir Shomansurov muallimlik qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan. “Samarqand”ning 45-soni chop etilgach, gazeta moddiy qiyinchiliklar ortidan to‘xtatiladi. Bundan kuyungan Akobir Shomansurov va Qo‘qon jadidlaridan Mirzohid Miroqilov odamlar orasida yurib, gazeta o‘quvchilarni topadi va 200 nafar mushtariy hamda ulardan 500 so‘m to‘playdi. Bu haqda muharrirga aytib, gazetani chiqarishni davom ettirishni so‘raydi. Ammo bu mablag‘, oz sonli mushtariy bilan gazetani qayta tiklab bo‘lmaydi.
Shu holatdan keyin Akobir Shomansurov muallimlik bilan birga gazeta chiqarish, davr muammolarini aks ettiruvchi maqolalar yozishga kirishadi. Behbudiy va ularning safiga qo‘shilgan jadidlar ko‘magida gazeta yana chiqa boshlaydi. Gazetaga asosan Akobir Shomansurov, Said Rizo Alizoda, Hoji Muin, Rojiy, Siddiqiy, Nurmuhammadbek o‘g‘li, Nusratulla mulla, Mulla Ibrohim Said Kamol o‘g‘li va boshqalar yozib turadilar.
1916 yilning kuziga borib, gazeta yana moddiy qiyinchilik tufayli chop etilmay qoladi. Buxoroda o‘qituvchilik qilib yurgan Abdurauf Fitrat 1917 yilning boshida Samarqandga keladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan uchrashib, gazetani chop ettirish zarurligi haqida gaplashadi. Behbudiyning ko‘magi, Mardonquli O‘rinboy o‘g‘li, Akobir Shohmansurov, Mardonqul Shohmuhammad o‘g‘lining moddiy qo‘llab-quvvatlashi hamda “Zarafshon” shirkati homiyligida “Hurriyat” gazetasini ta’sis etadi.
Fitrat bir muddat «Hurriyat»ga muharrirlik qiladi, ammo o‘qituvchilik va yozuvchilik ishlari ko‘payganini aytib, gazeta chiqarishga mas’ullikni Akobir Shomansurov zimmasiga yuklaydi. Shunday qilib, A.Shomansurov 1917 yil 16 aprelidan “Hurriyat” gazetasi muharriri bo‘ladi.
Gazeta tezda o‘z zamonasining muammolarini ko‘tarib chiquvchi, odamlarni ilm olishga chorlovchi vositaga aylanadi. Biroq gazetada ishlab, kun o‘tkazishning imkoni yo‘q edi. Shu bois Akobir Shomansurov o‘qituvchilik ham qiladi va yana muharrirlikni Fitratga beradi.
“Milliy ittihod” tashkilotining faol vakili sifatida faoliyat yuritgan Akobir Shomansurov 1920 yillarda yoshlarni nafaqat Turkistonda, balki xorijda ham o‘qitish zarurligini anglaydi. Tashkilotning maqsadi ham shunga monand - Turkiston hududini tezlik bilan ravnaq toptirish uchun kamida 1 million xalqni Turkiya va Germaniyaga ish va o‘qishga yo‘llash edi. Shu bois Buxorodan Muso Sayidjonov, Toshkent shahridan Raf’at Hakim bilan birga 1922 yilda talabalarni Germaniyaga o‘qishga yo‘llashda bosh-qosh bo‘ladi. Afsuski, tashkilot 1922 yilning sentyabr oyida faoliyatini to‘xtatadi.
Bulardan anglashiladiki, Akobir Shomansurov Samarqand jadidlari orasida muhim shaxsiyatlardan biri bo‘lgan. “Ko‘mak”, “Nashri maorif” jamiyatlarining tadbirlarida ham faol ishtirok etgan. Shuning uchun u 1923 yilda Zokiriy degan chekist tomonidan otib o‘ldirilgan.
A.Shomansurov Samarqand shahridagi “Abu Darun” qabristoniga dafn etilgan.
Bahrom Irzayev,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.