Alimentdan qarzdorlar yarashish yo‘liga o‘tmoqda
Ochig‘i, uzoq yillardan beri ajrashgan oilalar o‘rtasida farzand ta’minoti uchun ajratiladigan alimentni undirish masalasi oqsab kelgan. Yoki aksar holatlarda erkaklar garchi xususiy ish bilan norasmiy band bo‘lsa-da, ammo hujjatlarda ishsizman, deb ko‘rsatib, aliment miqdorini juda ham minimal tarzda to‘lab kelgan. O‘sha minimal miqdordagi aliment mablag‘ni to‘lash ham paysalga solingan. Majburiy ijro byurosi tashkil etilishi bu masaladagi ishlarning sezilarli darajada ijobiy yechimiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, aliment bilan bog‘liq masalalarni hal etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar jarayonida Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan oilalar bilan ochiq suhbatlar o‘tkazilyapti. Bunday tushuntirish ishlari samara berib ko‘plab oilalar yarashish yo‘liga o‘tmoqda.
Joriy yilning birgina yanvar oyi davomida 47 ta shunday oila o‘zaro yarashishni lozim topdi. Bunday oilalar soni Narpayda 13 tani, Payariqda 12 tani, Ishtixonda 6 tani, Kattaqo‘rg‘on shahrida 5 tani, Kattaqo‘rg‘onda 4 tani va Qo‘shrabotda 3 tani tashkil etadi. Tiklangan oilalar esa bundan mamnun.
Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.Berdiyevdan undiruvchi Z.Bozorovaning foydasiga 3 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish lozim edi. Olib borilgan tushuntirish ishlar natijasida bu oila yarashgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor A.Amirqulovdan undiruvchi G.Qudratova foydasiga ikki nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi hamda qarzdor B.Ergashevdan undiruvchi L.Suyunovaning foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari yuzasidan taraflar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida bu ikki oila ham yarashgan.
O‘rganishlarimiz jarayonida shunga amin bo‘ldikki, aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish ijrosini qat’iy nazoratga olish, otalarda oilaga nisbatan mas’ullikni oshirishga xizmat qilishi barobarida oilaviy ajrimlarning ham oldini olishga yordam beradi.
Uchqun BUTUNOV,
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.